OʻRTA OSIYO

OʻRTA OSIYOYevrosiyo materigining oʻrta qismida, gʻarbda Kaspiy dengizi qirgoqlaridan sharqda Xitoy chegarasigacha, shim. da Gʻarbiy Sibir tekisligidan, jan. da Nishopur, Safedkoʻh va Hindukush togʻlarigacha choʻzilgan yirik tabiiy geografik oʻlka. U materik ichkarisida, Atlantika okeanidan 4 ming km, Shim. Muz okeanidan 2,5 ming km, Tinch okeandan 5,5 ming km va Hind okeanidan 1 ming km ga yaqin masofada joylashgan, suvlari okeanlarga chiqib keta olmaydigan berk havzadan iborat. Oʻrta Osiyo hududi oʻrta asrlarda, Turon arab manbalarida Movarounnahr, 19-asr ning 2-yarmi va 20-asr boshlarida (1924—25 ylarda oʻtkazilgan milliy davlat chegaralanishigacha) Turkiston deb atalgan, keyinchalik Oʻrta Osiyo deb ataladigan boʻldi.

Oʻlkaning gʻarbiy chegarasi Elburs togʻining 54° 15ʻ shq. u. qismidan boshlanib, Kaspiy dengizining sharqiy qirgʻogʻi orqali Mangʻishloq qoʻltigʻigacha, undan Ustyurtning shim. gʻarbiy chinki boʻylab, Doʻngʻiztov, Chogʻray platosi, Choʻchqa va Mugʻojar togʻlari sharqiy etagi orqali oʻtib, 58° shq. u. va 48° shahrik. ga borgandan keyin shim. ga buriladi va Jetigʻara shahri gacha, undan keyin Qoʻstanay shahri orqali Ayritovgacha boradi. Soʻngra Qozogʻiston past togʻlarining shim. chegarasi boʻylab sharq va jan. sharq tomon davom etib, Qozogʻiston — XXR chegarasiga tutashadi. Sharqiy chegara esa Savr, Sharqiy Jungʻariya, Jungʻariya, Boroxoro, Iren — Xabirga, Qarat, Holiqtogʻ tizmalari suvayirgʻichlari, Xontangri togʻ tuguni, Qaqshal, Otboshi tizmalari suvayirgʻichlari orqali oʻtib, Fargʻona tizmasiga kelib tutashadi, soʻngra Olay tizmasining sharqiy chekkasi va Sariqoʻl tizmasi suvayirgʻichi boʻylab oʻtib, Hindukush togʻlariga tutashadi. Bu yerda, Muztogʻdan boshlab gʻarbga tomon jan. chegara boshlanadi va Hindukush, Safedkoʻh, Nishopur tizmalari suvayirgʻichlari boʻylab oʻtib, Elburs togʻi orqali Kaspiy dengizining jan. sharqiy chekka sohiliga kelib tutashadi. Oʻrta Osiyo yirik geosistema sifatida (mayd. 3300 ming km2 chamasida) Qozogʻistonning kattagina qismini, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, qisman Xitoy hududlari, hamda Afgʻoniston va Eronning Amudaryo havzasiga qarashli qismini oʻz ichiga oladi. Oʻrta Osiyoning qoʻshni tabiiy oʻlkalaridan farqlantirib turuvchi oʻziga xos bir qancha belgilari mavjud. Bular:

1) Yevrosiyo materigida tutgan oʻrnining oʻziga xosligi, yaʼni materikning ichkarisida, okeanlardan uzoqdan joylashganligi;

2) oʻlkaning berk havzadan iborat ekanligi, yaʼni bu yerda shakllangan asosiy oqimning tashqi dengiz, okeanlarga chiqib keta olmasligi va oʻlkaning eroziya bazisi hisoblangan Kaspiy, Orol, Balxash, Issiqkoʻl kabi ichki havzalarga quyilishi;

3) Yer yuzasining oʻziga xosligi, yaʼni oʻlkaning shim., shim. gʻarbiy katta qismi tekisliklardan, sharqiy va jan. qismi togʻliklardan iboratligi;

4) tabiiy sharoitida ichki tafovutlarning kattaligi, yaʼni tabiatining barcha komponentlari oʻlkaning turli qismlarida keskin farq qilishi; 5) oʻziga xos gorizontal tabiiy zonalarning mavjudligi va ularga mos balandlik mintaqalarining rivojlanganligidir. Bu oʻlkada oʻsimliksiz koʻchma qumlar, oʻtish qiyin boʻlgan chakalakzor oʻrmonlar, ekinzor va bogʻlardan iborat vohalarni koʻrish mumkin;

6) ekologik sharoitiga koʻra ham berk oʻlka, bu tabiatdan foydalanishda ehtiyotkorlikni talab etadi.

Oʻrganilish tarixi. Oʻrta Osiyoning tabiati, xoʻjaligi, shaharlari, xalqlariga oid dastlabki geografik maʼlumotlar Gerodot (mil. av. 5-asr), KvIn-t Kursiy Ruf, Strabon (mil. av. 2-asr) kabi Yunoniston, shuningdek, Xitoy olimlarining asarlarida uchraydi. Bu maʼlumotlar birmuncha cheklangan, baʼzan chala va xatoliklari boʻlsa ham, keyingi, yaʼni oʻrta asrlardagi geografik bilimlarga zamin boʻlib xizmat qildi. Oʻrta Osiyo haqidagi geografik bilimlar 9—12-asrlarda keng rivojlandi. Bunda Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Ahmad asSaraxsiy (9-asr), Jayhoniy, Abu Zayd Balxiy (10-asr), Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Nosir Xisrav, Mahmud Koshgʻariy (11-asr), AlXarakiy, Abulqosim Zamaxshariy, Saʼmoniy va boshqalar mahalliy olimlarning xizmatlari katta boʻldi. «Hudud ulolam» (10-asr) mashhur asari ham shu davrda yozildi. Oʻrta Osiyo tabiiy geografiyasiga oid maʼlumotlar 9—12-asrlarda yashagan sayyoh olimlar Ibn Xurdodbeh, Ibn alFaqih, Ibn Rusta, alMuqaddasiy, alMasʼudiy, Ibn Fadlon, Istaxriy, Ibn Havqal kabilarning asarlarida ham uchraydi. Oʻrta Osiyoga oid geografik bilimlar 13—17-asrlarda ham, oʻlkadagi ijtimoiy-siyosiy holatlarga bogʻliq holda, goh sust, goh jadal surʼatlar bilan rivojlanib bordi. Bunda mahalliy tabiatshunos olimlar, sayyoxdarning asarlari, sayohatnomalari ahamiyatli boʻldi. Muhammad Avfiy (13-asr), Faxriddin Banokatiy (14-asr), Hofizi Abru (14— 15-asr lar), Mirzo Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Naqqosh, Abdurazzoq Samarqandiy (15asr), Zahiriddin Muhammad Bobur (16asr), Muhammad Haydar Mirzo (16-asr), Mahmud ibn Vali (17-asr) asarlari shular jumlasidandir. Bu davrlarga oid manbalar ichida chet ellik sayyohlar Plano Karpini (13-asr), Marko Polo (13 — 14 a. lar), Ibn Battuta (14-asr), alUmariy (14-asr), Klavixo (15-asr) larning sayohatnomalari ham bor. Ushbu asarlarning ayrimlari tarixiymemuar yoʻnalishida boʻlsa ham, geografik gʻoya va umumlashmalarga boy, xaritagrafik maʼlumotlari esa koʻlamli va mazmunli boʻlgan.

Oʻrta Osiyo tabiatini oʻrganish tarixidagi muhim bosqichlardan biri 18—19-asrlarga toʻgʻri keladi. Bu davrda rus sayyohlari, diplomatlari va tabiatshunos olimlari tomonidan Oʻrta Osiyoga boʻlgan qiziqish jadallashdi. Koʻplab ekspeditsiyalar uyushtirildi (mas, Saymonov, G. I. Karelin, A. I. Butakov ekspeditsiyalari). Filipp Yefremov, Burnashev, Filipp Nazarov sayohatlari natijasida ham oʻlka haqida birmuncha geografik maʼlumotlar toʻplandi. ^ 19-asrning 50-y. laridan boshlab esa Oʻrta Osiyo geografik jihatdan jadal surʼatda oʻrganila boshladi. P. P. SemyonovTyanshanskiy, N. A. Seversov, A. P. Fedchenko, N. A. Zarudniy, I. V. Mushketov, V. N. Oshanin, V. A. Obruchev kabi tabiatshunos olimlar tomonidan oʻlka tabiati haqida koʻp maʼlumotlar yigʻildi, tabiiy geografiyaga oid muhim qonuniyatlar aniqlandi. 20-asrning 1-yarmida Oʻrta Osiyo tabiatini, tabiiy resurslarini tadqiq qilish surʼati yanada ortdi, oʻrganish koʻlami kengaydi. Oʻlkaning tabiati bir butun holida ham, alohida komponentlari boʻyicha ham chuqur oʻrganila boshladi. Bu borada N. L. Korjenevskiy, D. V. Nalivkin, S. S. Shuls, R. I. Abolin, Yu. A. Skvorsov, Ye. P. Korovin, D. N. Kashkarov, V. M. Chetirkin, I. A. Raykova, Q. Z. Zokirov va boshqalar bir qancha ilmiy va amaliy ahamiyatga ega boʻlgan asarlar yaratdilar.

20-asrning 2-yarmida ham oʻlka tabiatini kompleks oʻrganish boʻyicha ishlarning borishi samarali boʻldi. Koʻplab monografik asarlar yaratildi. Ularda Oʻrta Osiyo tabiatini chuqur tahlil qilish bilan bir vaqtda landshaftlarni xaritaga tushirish, tabiiy geografik rayonlashtirish, tabiiy geografik komplekslarni baholash taraqqiyotini bashoratlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va tabiatni muhofaza qilish masalalariga ham katta eʼtibor berilgan. Bunda geograf olimlar L. N. Babushkin, N. A. Kogay, N. D. Dolimov, M. Qoriyev, H. H. Hasanov, Z. M. Akromov, A. A. Rafiqov va boshqalarning hissalari bor.

Tabiati. U. O. hududining4/5 qismi tekisliklardan iborat, qolgan qismini togʻliklar tashkil qiladi. Tekisliklarning Qozogʻiston past togʻlaridan gʻarb va jan. gʻarbdagi qismi Turon tekisligi deb ataladi. U tektonik jihatdan mezozoy va kaynozoy yotqiziqlari bilan toʻlgan katta botiqqa toʻgʻri keladi. Uning ostki qismi tektonik harakatlar natijasida kuchli oʻzgargan paleozoy jinslari qatlamlaridan tuzilgan qattiq fundamentdan iborat. Bu fundament yer yuzasidan turli chuqurliklarda yotadi, ayrim joylari past koʻrinishida yer yuzasiga chiqib qolgan.

Oʻrta Osiyo tekisliklari sharq va jan. tomonlarida Tarbagʻatoy, Tyanshan, HisorOlay, Pomir, Hindukush, Safedkoʻh, Nishopur togʻlari bilan oʻralgan. Ularning koʻpchiligi baland togʻlar boʻlib, 6 ming m dan baland boʻlgan 136 ta choʻqqisi bor. Ayrim choʻqqilarning bal. esa 7—7,5 ming m ga yetadi.

Oʻrta Osiyo togʻlarining xususiyati shundan iboratki, tizmalar va ularni ajratib turgan daryo vodiylari va botiqlar koʻpincha kengliklar boʻylab choʻzilgan. Ular bilan birgalikda koʻndalang togʻ tizmalaridan iborat orografik tugunlar (yoki markadlar) mavjud. Bunday togʻ tugunlari Tyanshan, Pomir va Hisor — Olay togʻlarida 16 ta boʻlib, ular muzlik markazlaridir.

Oʻrta Osiyoning umumiy iklim belgilari — oftobli kunlarning koʻp boʻlishi, kontinentallik va yogʻinning kamligidir. Hududning katta qismini egallagan choʻl va chala choʻllarda bu belgilar, ayniqsa, sezilarli. Bu yerga yogʻinlarni Atlantika okeanidan keladigan havo massalari olib keladi. Tropik kengliklardan tashqarida gʻarbdan sharqqa yoʻnalgan nam havo oqimlari Oʻrta Osiyo hududiga maʼlum darajada quruq va yozda qizigan holda kirib keladi. Shu sababli Oʻrta Osiyo iqlimi qurgʻoqchil. Bu yerda yillik t-ra amplitudasi qoʻshni oʻlkalardagiga nisbatan kattaroq, yaʼni iqlimning kontinentalligi yuqoriroq darajada boʻladi va shu maʼnoda Sharqiy Sibirdan keyinda turadi. Oʻrtacha yillik havo t-rasi Oʻrta Osiyo tekisliklarida 0° dan yuqori: chekka shim. da 1—2°, jan. da 18° gacha. Togʻlik qismida dengiz sathidan 2200—2500 m balandlikda —5°, —8° gacha pasayishi mumkin. Mutlaq past t-ra togʻlar va baland togʻlarda —16° dan (jan. da) —50°gacha (shim. da).

Oʻrta Osiyoning tekislik qismida iyulning oʻrtacha havo trasi, shim. da 20—22°, jan. da 30—31° boʻladi. Eng yuqori tra tekislik va togʻ etaklarida 42°, 50° atrofida, togʻlarda esa, 3000 m dan balandlikda 22—24°. Yillik yogʻin miqdori ham bir tekis taqsimlanmagan. Qizilqum va Qoraqumda 100—150 mm, togʻlarda 800— 900 mm va undan ortiq. Eng kam yogʻin Sharqiy Pomirda kuzatiladi (26 mm).

Oʻrta Osiyo oʻlkasida iqlim xususiyatlari tafovutiga koʻra ikkita kichik iqlim oʻlkasi — subtropik iklim xususiyatlariga ega boʻlgan Turon kichik oʻlkasi va moʻtadil iqlim xususiyatlariga ega boʻlgan Qozogʻiston kichik oʻlkasidir. Bular orasidagi chegara Qoraboʻgʻozgoʻl qoʻltigʻi shimoli, Ustyurtning jan. chinki, Qoraqum va Qizilqumning shim. chegarasi Qoratogʻ tizmasi, Talas Olatovi va Fargʻona tizmasidan oʻtadi.

Oʻrta Osiyo okeanlardan uzoq boʻlgani va togʻlar bilan oʻralgani uchun berk oʻlka hisoblanadi. Orol dengizi, Balxash koʻli, Issiqkoʻl va boshqalar mayda berk havzalar bor. Yirik daryolari Amudaryo va Sirdaryo. Oʻ. O. da daryolarning zichligi 1 km2 ga 0,002 km. Togʻlik qismida esa tekisliklarga qaraganda daryo koʻp (12 ming). Ular yomgʻir, qor, muzlik, yer osti suvlaridan toʻyinadi. Suvi, asosan, sugʻorishga sarf boʻladi.

Oʻrta Osiyoda turlituman tuproqlar tarqalgan. Ular tekisliklarda kengliklar boʻylab zonalar hosil qilib, shim. dan jan. ga tomon (toʻq kashtan, och kashtan, qoʻngʻir va sur qoʻngʻir, qumli choʻl tuproqlari) almashinib boradi. Taqirlar va taqirsimon tuproqlar, shoʻrxok va shoʻrtoblar uchraydi. Togʻlarda esa tuproqlar balandlik mintaqalarini hosil qilgan. Moʻtadil mintaqaning choʻl zonasiga tutash Jungʻariya Olatovi va Shim. Tyanshan tizmalarida quyidagi balandlik mintaqalar uchraydi:

1) choʻldashtdan iborat togʻ etaklarining shim. boʻz tuproqlari;

2) quruq va dasht hamda past togʻlardagi kashtan tuproqlar;

3) oʻtloqidasht va oʻrtacha balandliklardagi togʻoʻrmon toʻq tusli tuproqlar;

4) qoraqaragʻayoqqaragʻay oʻrmonlaridagi qora tuproqsimon togʻ oʻtloqi va togʻoʻtloqi tuproqlar;

5) subalp va alp oʻtloqlardagi torfli togʻ oʻtloqi va chala torfli tuproqlar;

6) muzliklar va qorliklar.

Gʻarbiy Tyanshan, HisorOlay va Kopetdogʻ tizmalarida balandlik mintaqalari boshqacharoq. Pastdan yuqoriga:

1) togʻ oldi quruq dasht chala savannalari boʻz tuproqlari;

2) har xil oʻtlar va butalar, dasht chala savannalari karbonatli jigarrang tuproqlar; 3) oʻrtacha balandlikdagi togʻ quruq oʻtli oʻrmon va buta oʻsimliklari jigarrang tuproqlari;

4) subalp dashtlari togʻoʻtloqi dashtlar;

5) alp dashtlari togʻoʻtloqi dasht va chala torfli togʻoʻtloqlari;

6) muzliklar va qorlar.

Ichki Tyanshan va Pomirdagi balandlik mintaqalari:

1) shuvoqboshoqli oʻtlardan iborat dasht och rangli oʻtloqi chala choʻl tuproqlar;

2) chalovli dashtlardagi quruq dasht, choʻldasht va choʻl tuproqlari;

3) balandtogʻ quruq tundralari;

4) muzliklar va qorliklar. Pomir uchun balandtogʻ shuvoq va teresken oʻsimliklari mintaqasi xos.

Oʻrta Osiyoda Markaziy Osiyoning Palearktika oʻlkasi hayvonlari yashaydi. Sut emizuvchilardan qumsichqon va qoʻshoyoqlarning har xil turlari, sariq yumronqoziq, ingichka barmoqli yumronqoziq, antilopa — jayran, qulon, olakoʻzan, qoraquloq, choʻl mushugi va sabancha, gepard va boshqalar uchraydi. Qushlardan xoʻjasavdogar, goʻngqargʻa, chumchuqlar, moyqut, chil, tuvaloq kabilar; sudralib yuruvchilardan qurbaqabosh kaltakesak, choʻl agamasi, echkemar, yoʻlioʻl kaltakesak, gekkon va boshqalar, ilonlardan oʻqilon, choʻl boʻgʻma iloni, charx ilon, koʻlbor ilon, kapcha ilon, qalqonbosh ilon va boshqalar uchraydi. Toshbaqalar keng tarqalgan. Hasharotlardan har xil qoʻngʻizlar, asalarilar, arilar, chumolilar, kapalaklar; oʻrgimchaksimonlardan biy, qoraqurt, chayonlar uchraydi. Toʻqaylarda qirgʻovul, kobon, toʻqay bugʻusi, chiyaboʻri, yerkalamush, koʻl baqasi, koʻk qurbaqa va boshqalar bor. Suv havzalarida kurakburun, moʻylovbaliq, choʻrtan, sazan, tangabaliq, laqqa, leshch, ship, osman, marinka va boshqalar baliq turlari uchraydi. Togʻlik hududlarda togʻ takasi, togʻ qoʻyi (arxar), qizil sugʻur, uzun dumli menzbir sugʻuri, qizil pishchuxa, ilvirs, togʻ gʻozi (ular), kaklik, archa boltatumshugʻi, zargʻaddoq va boshqalar uchraydi.

Ad. Qoriyev M., Oʻrta Osiyo tabiiy geografiyasi, 1968; Baratov P., Mamatqulov M ., Rafiqov A., Oʻrta Osiyo tabiiy geografiyasi, T., 2002; Korjenevskiy N. L., Priroda Sredney Azii, T., 1960; Hasanov I. A., Gʻulomov P . N ., Oʻrta Osiyo tabiiy geografiyasi, T., 2002.

Shuhrat Zokirov, Potihkamol Gʻulomov.