OʻTROQ

OʻTROQ, Atrak (12-asr) — Dashti Qipchoq dagi qipchoq xonlaridan biri. Sharukanttt oʻgʻli. 1103, 1107, 1111-yillarda Kiyev knyazi Vladimir II Monomax, qipchoqlar ustidan gʻalaba qozongach, Donning oʻrta oqimi qirgʻoqlaridan jan. ga qarab ketgan. Uning qoʻshinlari Belaya Veja yaqinida bijanaqlar va torklarning birlashgan kuchlarini tormor keltirgan (1117 yil). 1118-yil bir necha qipchoq oʻrdalari Oʻtroq boshchiligida Kavkazoldi dashtlariga kelib joylashganlar. Ayni shu yili Gruziya shohi Dovud «Quruvchi» Oʻ. huzuriga oʻz elchilarini yuborgan va unga oʻz qabiladoshlari va tobe odamlari bilan Gruziyaga koʻchib kelishni taklif etgan. Oʻtroq bilan Daryoli orqali Gruziyaga 40 ming qipchoq, jumladan, 5 ming sara askar kelgan. Shu bilan birga Kavkazoldida Oʻtroqqa tegishli 35 ming jangchi qolgan. Dovud Oʻ. odamlarini mamlakatning jan. va sharqiy chegaralari, saljuqiylar bosqini natijasida aholisi deyarli qirilib ketgan Kartliga joylashtirgan. Dovud Oʻtroq qoʻshinidan ichki va tashqi dushmanlari — gruzin mulkdorlari va saljuqiylarga qarshi kurashda foydalangan. Oʻtroq saroyda katta mavqega ega boʻlgan. Bu nafaqat uning kuchli qoʻshini tufayli balki shoh bilan qarindoshlik munosabatlari oʻrnatganligida, qizi Gurandoʻxtni shohga xotinlikka berganligida edi. Vladimir Monomaxning vafot etgani haqida Oʻtroqqa akasi Sirchanxon xabar berib, uni dashtga qaytishga chaqirgan. 12-asrning 20-y. lari oxirida Oʻtroq bir qism qoʻshin bilan Don daryosi sohillariga qaytgan. Uning oʻgʻli Konchak 12-asrning 2-yarmida qudratli qipchoq xonlaridan boʻlgan.

Javli Tursunov.

Prev Article

OʻTROR

Next Article

OʻTROQLIK