OʻZBEKISTON BADIIY AKADEMIYASI (OʻzBA) — Oʻzbekiston tasviriy va amaliy sanʼatining yirik arboblarini birlashtiruvchi hamda madaniyat, meʼmorlik, tasviriy va amaliy sanʼat, sanʼatshunoslik, dizayn, muzeyshunos, ilmiy, ijodiy, taʼlim tizimiga ega yosh mutaxassislar tayyorlashga ilmiy metodik rahbarlik qiluvchi oliy ilmiy metodik tashkilot; Oʻzbekiston badiiy hayotining markazi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning «Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasini tashkil qilish toʻgʻrisida»gi 1997 yil 23 yanv. farmoniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11 mart qaroriga binoan, 1997-yilda Toshkent shahrida tashkil qilingan. OʻzBA tarkibida 37 akademik (faxriy aʼzolari bilan) bor. Raisi — T. K. Duziyev (1997-yildan). Oliy organi — Boshqaruv kengashi; majlislar oraligʻida OʻzBA faoliyatiga Rais boshchiligidagi Boshqaruv rahbarlik qiladi. OʻzBAda xalqaro aloqalar, axborot va marketing, taʼlim, metodika va ijodkor yoshlar bilan ishlash, moliyaiqtisod va moddiy texnik taʼminot, markaziy hisobxona, ijodiy boʻlimlar boshqarmalari mavjud. OʻzBA milliy va badiiy kadrlarni tayyorlashda muhim rol oʻynaydi; uning faoliyati tasviriy va amaliy sanʼat ustalariga gʻamxoʻrlik qilish, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, yosh isteʼdodlarni kashf qilish, koʻrgazmalar uyushtirish, milliy anʼanalarni rivojlantirish, badiiylik asosida yuksak maʼnaviy tarbiya berishga yoʻnaltirilgan.
OʻzBA badiiy taʼlim tizimida Sanʼatshunoslik instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Respublika rassomlik kolleji, Respublika tasviriy va amaliy sanʼat litseyinternati, A. Xoʻjayev nomidagi Respublika dizayn kolleji, Toshkent shahri, respublika viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan tasviriy va amaliy sanʼat akademik litseylari va kollejlari, ishlab chiqarish ustaxonalari va lab. lar bor. Akademiya tarkibida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy koʻrgazma zali, «Xamar» xalqaro aloqalar markazi, Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi, Zamonaviy sanʼat markazi, Toshkent fotografiya uyi, OʻzBA maxsus fondi, Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi, «Oqtosh» Oʻzbekiston rassomlari ijod uyi, Kamoliddin Behzod memorial majmui (bogʻ va muzey bilan birga), Xalqaro madaniyat karvonsaroyi, Toshkent xalqaro biyennale direksiyasi (2001-yildan har 2 yilda oʻtkaziladi — 2001, 2003, 2005), Toshkent xalqaro bolalar rasmlari biyennale direksiyasi (har 2 yilda), Toshkent xalqaro fototanlovi direksiyasi (2002-yildan har yili) kabi tashkilotlar faoliyat koʻrsatadi.
OʻzBA «Sanʼat» jur., «Oʻzbekiston BA» bukletrejasi (T., 2004), «Markaziy Osiyo numizmatikasi» (1—4 sonlari, 199699; 56 sonlari, 2001—02), «Toxariston ekspeditsiyasi materiallari» (1—4 sonlari, 2000—03), «Baqtriya oʻzbekyapon arxeologiya ekspeditsiyasi materiallari» (1—5 sonlari, 1997 — 2001) kabilarni nashr etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi tasviriy va amaliy sanʼatining taraqqiyot darajasini koʻrsatishda koʻrgazmalar muhim oʻrin tutadi. OʻzBA Oʻzbekiston hukumati qaroriga binoan uyushtiriladigan muhim xalqaro koʻrgazmalarning loyiha va tadbirlarini ilmiy ishlab chiqish va badiiy bezash ishlarini amalga oshiradi. Jumladan, YUNESKOning Parijdagi shtabkvartirasida «Buyuk ipak yoʻli» shaharlari — Buxoro, Xivaning 2500-yilligiga bagʻishlangan koʻrgazmalarda qatnashdi; OʻzBA yetakchi olimlari «Buyuk ipak yoʻli shaharlari» («Buxoro — Sharq durdonasi», «Xiva — ming gumbazlar shahri», «Termiz — Buyuk ipak yoʻli kesishgan yerdagi qadimiy va navqiron shahar» va boshqalar) hamda buyuk fan va davlat arboblari (Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Imom al-Buxoriy, Termiziy, Al-Fargʻoniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur, Kamoliddin Behzod va b.) ga bagʻishlangan kitob, kitob-albomlarni nashr etishga katta hissa qoʻshdi.
OʻzBA Gollandiya, Gretsiya, Fransiya, Shvetsiya, Koreya Respublikasi, Suriya, Yaponiya va boshqalar mamlakatlarning BA lari bilan hamkorlik qiladi; Germaniyada chop etiladigan «U08TOK» jur. da Oʻzbekiston, uning badiiy merosi, zamonaviy tasviriy va amaliy sanʼati haqida materiallar yoritiladi.
Milliy va jahon sanʼati, madaniyatiga hissa qoʻshganlar, koʻp yillik ijodiy faoliyati, ilmiy asarlari, tadqiqotlari uchun Kamoliddin Behzod nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan bir qatorda Oʻzbekiston BA mukofotlari — Oltin va Kumush medallar bilan taqairlanadi.
Ad.: Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi, T., 2004.
Tursunali Qoʻziyev.