OʻZBEKISTON FIDOKORLAR MILLIY DEMOKRATIK PARTIYASI

OʻZBEKISTON FIDOKORLAR MILLIY DEMOKRATIK PARTIYASI (FMDP) — Oʻzbekistondagi siyosiy partiyalardan biri. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000 yil 25-iyulda roʻyxatga olingan va shu yil Dasturi hamda Ustavi qabul qilingan. Partiyaning asosiy maqsadi erkin bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq, huquqiy demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyati negizlarini barpo etish, aholi turmush darajasini taraqqiy topgan davlatlardagi xalqlarning turmush darajasiga yetkazish, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin olishiga amaliy hissa qoʻshishdan iborat. FMDP kelajakka yoshlar nazari bilan qaraydi. Yoshlarni yuksak maʼrifatli, bilimdon, gʻoyaviy-siyosiy jihatdan hushyor, maʼnaviy barkamol boʻlib voyaga yetishini taʼminlashga intiladi va yoshlar manfaatini himoya qiladi. Partiyaning oliy organi qurultoy, u qoida tariqasida, 5 yilda 1-marta chaqiriladi. Zaruratga qarab qurultoy maqomiga ega boʻlgan partiya konferensiyasi oʻtkazilishi mumkin. Partiyaning rahbar organi qurultoy tomonidan saylanadigan Markaziy kengashdir. Markaziy kengash yigʻilishlari oraligʻidagi davrda partiyaning kundalik faoliyati Ijroiya kotibiyat tomonidan amalga oshiriladi. FMDPning 12 viloyat partiya tashkiloti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, 203 tuman va shahar, 3500 boshlangʻich partiya tashkiloti bor. FMDP aʼzolarining umumiy soni 61750 kishidan iborat (2004-yil noyab.), ularning 65 foizini yoshlar (40 yoshgacha boʻlganlar) tashkil etadi. FMDPning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi 18 deputatdan iborat, fraksiya rahbari A. S. Tursunov, FMDP fraksiyasi Oʻzbekiston liberaldemokratik partiyasi, «Adolat» sotsialdemokratik partiyasi bilan birga parlamentda «Demokratik blok»ka birlashgan.

Partiyaning nashri — «Fidokor» gaz. Shoira Umarova.