OʻZBEKISTON QOʻGʻIRCHOQ TEATRI

OʻZBEKISTON QOʻGʻIRCHOQ TEATRI, Respublika qoʻgʻirchoq teatri — respublika maqomidagi yetakchi davlat qoʻgʻirchoq teatri. Rasman oʻz faoliyatini 1939 yil noyabr oyidan boshlagan. Ungacha Xalq qoʻgʻirchoqbozi Poʻlatjon Doniyorov rahbarligida kichik truppa tashkil topgan. 1937-yil Poʻlatjon Doniyorov, Tillaxon Matyoqubov, Gʻafurjon Mirzarahimov va Mirzakarim Gʻafurov kabi qoʻqonlik qoʻgʻirchoqbozlar bilan hamkorlikda S. Abdullaning «Saltanat» pyesasini sahnalashtirib, Moskvada oʻtgan oʻzbek sanʼati dekadasida koʻrsatgan. Davlat qoʻgʻirchoq teatriga asos solgan P. Doniyorov, S. A. Urazova, Ye. G. Podgurskayalar oʻzbek xalq qoʻgʻirchoq teatri anʼanalari va rus qoʻgʻirchoq teatri tajribalariga suyanganlar. Jamoa oʻz ishini bolalar teatri sifatida boshlagan boʻlsada, 2-jahon urushi davrida katta yoshdagi tomoshabinlarga ham xizmat qilgan. Vatanparvarlik mavzuidagi konsert va parodiyalar qatorida «Davron» (A. Bobojonov), «Nasriddinning sarguzashtlari» (Yu. Arbat), «Ali kichkina» (Gʻayratiy), «Sirli oʻrmon» (Ye. Shvars), «Ur, toʻqmoq» (S. Preobrajenskiy) kabi xalq ommasining kuchqudrati, hayotbaxshlikni targʻib etuvchi spektakllar yaratildi. Teatr asta-sekin oʻzbek mualliflari bilan ishlashga ham eʼtibor kuchaytira bordi. 50-y. larda yaratilgan «Oʻrmonda» (Gʻayratiy), «Sehrli quticha» (R. Botirov, A. Lelyavskiy), «Ziyod botir» (N. Habibullayev), «Toʻti va Qumri» (M. Muhamedov), «Oʻrmondagi hodisa» (S. Abduqahhor) kabi spektakllar shu hamkorlik samarasidir.

Ayniqsa, «Aldarkoʻsa» spektakli eʼtiborli boʻldi. Jamoa spektakllardagi uygʻunlik, qoʻgʻirchoq yasash va ularni oʻynatish uslubini mukammallashtirish masalasiga koʻproq eʼtibor bera boshlaydi. Teatr «Rahim va qoʻngʻiz» (A. Boboxonov, A. Qobulov), «Alijon va Valijon» (S. Abduqahhor), «Temir bola» (Yo. Xoʻjayev) va boshqalar spektakllar bilan boyidi. 1969-yil 15—20-sentyabrda Oʻrta Osiyoning Toshkentda oʻtkazilgan 1festivalida teatr «Semurgʻ» (Zulfiya va S. Somova), «Qoyil, Chiyovjon» (Ye. Chepoveskiy) spektakllari bilan qatnashib yaxshi baho oladi. «Qirol tiktak» (Ye. Xoʻjayev), «Fotimaning sarguzashtlari» (N. Habibullayev), «Dangasaning holi voy» (L. Mahmudov), «Ovdagi hodisa» (X. Rahmatullayev va T. Mahramov) kabi spektakllar teatr izlanishlarining samarasi boʻldi. 1966-yil teatr qoshida 2 yillik teatrstudiya tashkil etilgan; uni tugatganlar Andijon qoʻgʻirchoq teatriga asos solganlar. Oʻz yutuqlarini Birma (1972), Pokiston (1975) va Hindistonda (1977) namoyish etgan. 1976-yil Moskvada 8 ta spektakl koʻrsatgan.

1979-yil 25-oktyabrda teatr muhtasham zamonaviy binoga koʻchdi. Bino «Oygul va Baxtiyor» (H. Olimjon dostoni, Zulfiya va S. Somova inssenirovkasi) spektakli bilan ochildi va shu yili Osiyo mamlakatlari qoʻgʻirchoq teatrlarining 1-xalqaro festivali boʻlib oʻtdi. Festivalda qoʻgirchoqboz S. Obrazsov ham qatnashdi.

80-y. lar bosh rej. I. Yoqubov, bosh rassom V. Akudin, qoʻgʻirchoq yasovchi ustalar V. Sagadayeva, S. Strashnov rahbarligi hamda M. Gʻulomova, T. Mahramov, T. Rahmonberdiyev, M. Bobojonov, V. Kalyadin, V. Borisov kabi aktyorlar ishtirokida «Kul, kulaver, Oyxon» (Hamzaning «Maysaraning ishi» asari asosida), «Semurgʻbaxt qushi» (Zulfiya, S. Somova), «Kenja qiz» (M. Xalil), «Sehrli kiyik» (A. Qobulov), «Oʻtkir shohli buzoqcha» (R. Farhodiy), «Temirchi va malika haqida ertak» (Isfandiyor) kabi rangbarang ertak spektakllar maydonga keldi. Teatr kattalar uchun ham «Xoakin Muryettaning yulduzi va oʻlimi» (Pablo Neruda poemasi asosida), «Kachal Polvon qildi jang — fashist xoli boʻldi tang» (N. Roʻzimuhamedov), «Agent 00» (G. Borovik) kabi asarlarni sahnalashtirdi. 1988-yil Hindiston boʻylab ingliz va hindiy tillarida «Sehrli toʻrqovoq» (Ya. Xaimov), «Fotimaning sarguzashtlari» (N. Habibullayev), «Senimi, boʻri, shoshmay tur!» (L. Xayt) spektakllarini namoyish etdi. «Paxtaoy» (V. Borisov), «Nasriddinning 41 pashshasi» (Z. Aʼlam), «Sehrli harflar oroli» (H. Imomberdiyev) kabi yangi spektakllar sahnalashtirildi.

Mustaqillikdan soʻng teatr yangi ijtimoiy sharoitda bolalarga xizmat qilishdan tashqari mamlakatimizda boshqa endi shakllana boshlagan qoʻgʻirchoq teatrlariga yaqindan yordam berdi. «Karvonsaroy» (I. Lukyanova), «Ur, toʻqmoq» (S. Preobrajenskiy), «Baxt axtargan Hasan» (Ye. Speranskiy), «Chodir jamol» (Sh. Yusupov), «Noʻxot bola» (H. Imomberdiyev), «Issumbosi» (yapon ertagi asosida N. Normatov va Sh. Yusupov pyesasi) va boshqalar spektakllar anʼanaviy teatr vositalari asosida yaratildi.

«Alpomish» dostonining 1000-yilligiga bagʻishlangan «Qanotli odamlar» (N. Toʻlaxoʻjayev), Navoiy yubileyiga atab «Lison uttayr» (X. Rasul), «Shum bolaning sarguzashtlari» va «Yana Andersen» (Gʻ. Gʻulom va G. Andersen asarlari asosida) va boshqalar — keyingi yillar mahsuli. Samarqand festivali (1991, 2000), shuningdek,Turkiya (1994), Pokiston (1994, 1996, 2004) va Misrda (2004) oʻtgan xalqaro festivallarda, AQSH, Germaniya, Rossiya va boshqalar mamlakatlarda oʻzining eng sara asarlarini namoyish etdi. Teatr 2 til (oʻzbek, rus) da ijod qiladi. Jamoa UNIMA (Xalqaro qoʻgʻirchoq teatrlari ittifoqi)ning aʼzosi. Qoʻgʻirchoq ustalaridan V. Sagadayeva, L. Yuryeva, N. Mirzaahmedova, butafor — R. Ibrohimova, aktyorlardan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist M. Egamnazarova, K. Jabborova, E. Mirzohidov, R. Dehqonboyev, G. Xoroshovseva, V. Yusupova, N. Ustyukina, G. Borodin, rej. D. Yoʻldosheva kabilarning xizmatlari alohida. Teatrning bosh rej. i — Maryam Ashurova, bosh rassom — M. Ivanyan.

Muhsin Qodirov.