OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDIOʻzbekiston fuqarolik, jinoiy va maʼmuriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi. Oliy sudning tashkil etilishi va uning faoliyat koʻrsatishi masalalari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (110-modda), «Sudlar toʻgʻrisida»gi qonuni (yangi tahriri, 2000 yil 14 dek.), Fuqarolik protsessual va Jinoyatprotsessual kodekslari normalari, shuningdek, qonunchilikning boshqa hujjatlarida belgilab berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudlari, viloyatlar, shaharlar, tumanlararo, tuman sudlari va harbiy sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega. Oliy sud ishlarni 1instansiya sudi sifatida va nazorat tartibida koʻradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Oliy sud raisi, uning 1-oʻrinbosari va oʻrinbosarlari, sudlov hayʼatlari raislari, Oliy sud sudyalaridan iborat. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga qonunchilik tashabbusi huquqi berilgan.

Oʻ. R. O. s. Oliy sud Plenumi, Rayosati, Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati, Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati, Harbiy hayʼat tarkibida ish olib boradi. Oliy sud Plenumi eng yuqori sudlov instansiyasi boʻlib, 4 oyda 1-marta chaqiriladi hamda Oliy sud sudyalari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi oliy sudlarining raislaridan iborat tarkibda ish olib boradi. Oliy sud Plenumi ishlarni nazorat tartibida koʻradi, sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini koʻrib chiqadi va qonun hujjatlarini qoʻllash masalalari boʻyicha tushuntirishlar beradi, Oliy sud raisining taqdimnomalariga binoan, Oliy sud Rayosatining tarkibini, sudlov hayʼatlarining tarkibi va raislarini tasdiklaydi. Oliy sud Rayosati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi sudyalaridan belgilangan miqdorda tuziladi. Oliy sud Rayosatining majlislari har oyda kamida 1-marta oʻtkaziladi. Oliy sudning sudlov hayʼatlari ishlarni 1instansiyada, appelyatsiya, kassatsiya tartibida va nazorat tartibida koʻradi, sud amaliyetini oʻrganadi va umumlashtiradi, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi, sud statistikasini tahlil qiladi va h. k. Oliy sud raisi, rais oʻrinbosarlari, sudyalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining axborotnomasi» (1989-yildan oʻzbek va rus tillarida), Oliy sud Plenumi qarorlari toʻplamini nashr etadi. «Kuch — adolatda» gaz. ning muassisi hisoblanadi.