OʻZBEKISTON YOZUVCHILARI UYUSHMASI

OʻZBEKISTON YOZUVCHILARI UYUSHMASI — yozuvchilarning koʻngilli ijodiy jamoat tashkiloti. 1934 yil 8 — 11-martda boʻlgan Oʻzbekiston yozuvchilarining 1qurultoyida tashkil etilgan. Bungacha ular turli toʻgarak va uyushmalar holida faoliyat koʻrsatgan. Jumladan, 1919-yil «Chigʻatoy gurungi» nomli adabiy toʻgarak atrofida uyushgan jadidlar oʻzbek milliy adabiyotining shakllanishiga hissa qoʻshgan. 1926-yilda Samarqandda «Qizil qalam» nomli adabiy tashkilot tuzilgan, bu tashkilotning Qoʻqon, Fargʻona, Namanganda mahalliy shoxobchalari ish olib borgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilari Uyushmasining birinchi raisligiga adabiyotshunos Rahmat Majidiy saylangan. Turli yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilari Uyushmasiga H. Olimjon, Oybek, Sh. Rashidov, Uygʻun, A. Qahhor, B. Rahmonov, S. Azimov, Oʻ. Umarbekov, O. Yoqubov va boshqalar rahbarlik qilgan. 1996-yildan uyushma raisi A. Oripov. Uyushmaning 700 dan ortiq aʼzosi bor. Viloyatlarda oʻz boʻlimlariga, Doʻrmon qishlogʻida ijod uyiga, shifoxona maskani, Adabiyot jamgʻarmasi va nashriyotiga ega. Muassisligida «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka», «Yoshlik» jur. lari hamda «Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati», «Yozuvchi» gaz. lari chop etiladi. 2002-yilda Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima kengashi tashkil etildi.