OʻZBOʻY

OʻZBOʻY (Uzboʻy, Gʻarbiy Oʻzboʻy) — Turkmanistonning shim. gʻarbidagi choʻlda joylashgan qadimiy daryo vodiysi. Sariqamish choʻkmasining jan. chekkasidan boshlanib Kaspiy dengizining Bolxon qoʻltigʻigacha choʻzilgan. Unda shoʻrxok, botiq va koʻllar koʻp. Vodiyning tubida shakllangan eski oʻzan meandrlar hosil qilgan. Shim. gʻarbda Qoraqum choʻliga tutashgan. Oʻzboʻyning uz. 550 km, barcha tirsaklari bilan 775 km. Eni har yerda har xil. Baʼzi joylarining eni 4—6 km, chuq. 20—30 m. Ayrim joylarda vodiy 100— 200 m gacha torayib, yon bagʻirlari tik tushgan dara koʻrinishida. Bunday joylarda uning chuq. 40—50 m. Oʻ. ning chap qirgʻoq tomoni qadimiy (pliotsen va quyi toʻrtlamchi davr) Amudaryoning qumgilli yotqiziqlari ustida shakllangan Pastqam Qoraqumga toʻgʻri keladi. Oʻng qirgʻoq tomoni esa bu jihatdan murakkabroq tuzilgan. Bu yerda oqim boʻylab, oʻzining geologik va relyef tuzilishi bilan farqlanadigan Qoplonqir, Uchtaganqum, Chiloʻngqir, Takajik, Chilmamedqum kabi hududlar bor. Ulardan jan. gʻarbda Oʻ. Katta Bolxon va Kichik Bolxon tizmalari oraligʻidagi Bolxon yoʻlagidan oʻtadi va Kelkor shoʻrxogiga kelib tutashadi. Bu shoʻrxoklik Oqtom quruq oʻzani orqali Kaspiy dengizining Bolxon qoʻltigʻi oʻrnida hosil boʻlgan shoʻrxoklar bilan qoʻshilib ketadi. Vodiyning oʻzani Sariqamish botigʻidan Kaspiy dengizi tomon 75 m ga pasayadi. Oʻzboʻy qadimda daryo oʻzani boʻlib, unda Amudaryo suvining bir qismi oqib turgan. Oʻzanda pogʻonalar — eski sharsharalarning qoldiqlari bor; oʻzan boʻylab terrasa (qoʻhna qayir) lar choʻzilgan. Oʻzboʻyda saksovul, koʻllar yaqinida yulgʻun, qamish oʻsadi. Yasxan koʻli atrofida yirik chuchuk yer osti suvi havzasi topilgan, undan Bolxonobod (avvalgi Nebitdogʻ) ga suv quvuri oʻtkazilgan.

Antik davr (Gerodot) va oʻrta asr mualliflari (Muqaddasiy, Hamdallah Qazviniy, Hofizi Abru, Abulgʻoziy) Oʻzboʻyni Amudaryoning Kaspiy dengiziga quyiladigan tarmogʻi deb hisoblaganlar. 19-asr oxiri — 20-asr boshlari va 2-yarmida Oʻzboʻyning paydo boʻlishi masalasi bilan geograf, geolog va tarixchilar shugʻullanganlar (V. V. Bartold, A. S. Kes, S. P. Tolstov va boshqalar). 1947, 1950 — 54, 56 yil larda Oʻzboʻyning arxeologiyasi oʻrganilgan. Mil. av. 4-ming yillikdan 1-ming yillikning 1-yarmigacha Oʻzboʻy boʻylab Sariqamish koʻli orqali Kaspiy dengiziga suv oqqanligi aniqlangan. Arxeologik tekshirishlar natijasida Oʻzboʻy qirgʻoqlaridan koʻplab neolit manzilgohlari, bronza davriga xos sopol idishlar, shuningdek, mil. av. 7—5-asr larga oid manzilgohlar topilgan.

Mil. av. 1-ming yillikning oʻrtalarida Oʻzboʻy boʻylab suv oqmay qoʻygan. Arxeologik va tarixiy maʼlumotlar oʻrta asrlarda ham Oʻzboʻyda 2—3-marta, garchi qisqa muddatli boʻlsa ham, suv oqqanligidan darak beradi. 10—13-asr larda Oʻzboʻyda Xorazmdan Xurosonga oʻtgan karvon yoʻli va koʻp karvonsaroylar, sardobalar boʻlgan. Oʻrta Osiyoning choʻlli hududlarida faqatgina qisqa davr mobaynida suv oqqan yoki umuman suv oqimi toʻxtagan quruq oʻzanlar ham Oʻzboʻy deb ataladi.

LL:Tolstov S. P., Po drevnim deltam Oksa vaYaksarta, M., 1962; Kes A. S., Ruslo Uzboy i yego genezis («Tr. Inta geografii AN SSSR», M. L., 1939, t.30).

Shuhrat Zokirov.

Prev Article

OʻZBEKFILM

Next Article

OʻZBOʻY