PISTA (Pistacia), xandon pista — pistadoshlar oilasiga mansub buta yoki daraxtlar turkumi, yongʻoqmevali daraxt. 300-yilgacha yashaydi. 20 dan ortiq turi bor. Jan. Yevropa, Gʻarbiy, Oʻrta va Shar-qiy Osiyoda, Shim., Sharqiy Afrika va Markaziy Amerikada oʻsadi. Oʻrta Osiyoda yovvoyi hodda oʻsadigan chin P. (P. vera) va toʻmtoq bargli Pista (P. mutica) turlari bor. Boʻyi 2,5—10 m, shox-shabbasi tarqoq, 10—12 m kenglikda. Pista ikki uyli oʻsimlik, —40° sovuqqa chidaydi. Apr. —may boshlarida dastlab erkak, soʻngra urgʻochi daraxtlari gullaydi, guli murakkab roʻvaksimon toʻpguldan iborat, shamol yordamida changalanadi. Mevasi bir urugʻli danak (pista). Pistasi avg. — sent. pishadi. Qobigʻi yupqa, qattiq, yetilganda baʼzan uchidan yoriladi. Magʻzi yashil, mazali, tarkibida 63% gacha moy, 22% oqsil, 7% gacha uglevodlar, V guruhi vitaminlari, A provitamini bor; asosan, qovurilgan holda yeyiladi, qandolatchilikda ishlatiladi. Pista lalmi yerlarda 10—12, sugʻorma yerlarda 7—8-yili hosilga kiradi. Yovvoyi holdagilari 15 kg gacha, payvand qilingan 8—10-yillik daraxtlari 30—45 kg meva beradi. Pista barglarida paydo boʻladigan gʻudda-bujgʻ-unlarda tannid (30—40%), boʻyoq mod-dalari bor. P. Qurgʻoqchilikka chidamli. Urugʻidan va payvandlab, bachkisidan parxish qilib koʻpaytiriladi. Pista yogʻochi duradgorlikda qadrlanadi. Oʻzbekistonda Pistani ekib oʻstirish ishlari 1937-y. dan Bobotogʻ (Surxondaryo viloyati) togʻlarida boshlangan, Kattaqoʻrgʻon suv ombori atroflarida 2 ming ga dan ortiq Pista zorlar tashkil etilgan. Respublikada urugʻidan ekib oʻstirilgan Pista zorlarning umumiy maydoni 80 ming ga dan koʻproq (2003). Oʻzbekiston oʻrmonchilik i. t. in-tida, Pistaning 6 navi yara-tilgan, 30 dan ortiq Pista navlari kolleksiyasi barpo etilgan.
Asosiy zararkunandalari: P. qurti va Pista qalqondori.
Ad.: Popov K. P., Fistashka v Sredney Azii, Ashxabad, 1979.
Abdushukur Xonazarov.