QALʼAI QAHQAHA — Ustrushona afshinlari qarorgohi. Tojikistondagi Shahristonsoy daryosining gʻarbiy sohilida, hoz. Shahriston shaharchasi yaqinida joylashgan. Umumiy maydoni taxm. 5 ga, atrofi mudofaa devori bilan oʻralgan. 8—10 m balandlikdagi ark va shahriston hududidan iborat. Shahriston hududida qorovul jangchilar uchun moʻljallangan bino xarobalari ochilgan. Arkda saroy qoldiqlari topilgan. Saroyning katta markaziy zali (18×12 m) da hukmdor taxti joylashgan. «Kichik zal» — ibodatxona, shuningdek, turar joylar, xoʻjalik inshootlari, aslahaxona xarobalari ochilgan. Saroy binosi devoriy rasmlar, yogʻoch ustunlari va shiplari naqshlar bilan bezatilgan. Markaziy devoridagi 6 m li rasm kompozitsiyasida inson bolasini emizayotgan ona boʻri aks etgan. «Kichik zal» devori ham boy bezatilgan. Unda bir guruh suvoriylar jang kiyimlarida nayza, tugʻlar koʻtarib turli tusdagi otlarni choptirib ketishmoqda. 3 boshli va 4 qoʻlli maʼbud va 3 koʻzli yovuz dev va hayvonlar aks etgan. Odamlar va qushlarning haykalchalari topilgan.