QARLUQLAR

QARLUQLAR, qorluq — oʻzbek xalqi tarkibiga kirgan etnik uyushma. 3 qabiladan tashkil topgan; ular Xitoy solnomalarida meulo (yoki meuli), chjisi (yoki pofu) va tashili deb nomlangan. 6—7-asrlarda bular Oltoyning gʻarbiy qismida, Chorish (Ob daryosi oʻzanlaridan biri) daryosi havzasida, Irtish daryosining quyi oqimi boʻylarida, Tarbagʻatoyda hamda Jungʻoriyagacha boʻlgan katta hududda yashaganlar. Q, asosan, chorvachilik bilan shugʻullanib, bir yerdan ikkinchi yerga koʻchib, oʻtovlarda yashaganlar. Q hududi Sharqiy va Gʻarbiy Turk xoqonligi oʻrtasida, strategik qulay yerda joylashgani uchun ular oʻrtasida talash boʻlgan. Q oʻz mustaqilliklarini saqlab qolish uchun ular bilan betinim kurash olib borganlar. 7-asr oxirlarida Sharqiy Turk xoqonligi Qarluqlar hududining aksariyat qismini xoqonlikka qoʻshib olgan. 742 yil Q, uygʻurlar va basmillardan iborat qabila ittifoqi isyon koʻtarib oʻz mustaqilliklarini tiklaganlar. Qarluqlar eltibari (boshligʻi) oʻzini 3 qabilaning shexusi (yabgʻusi) deb eʼlon qiladi. Xitoy qoʻshini bilan arablar oʻrtasidagi Talas jangida Qarluqlar hal qiluvchi rol oʻynaganlar. 757—766-yillarda Q Turgashlar davlati hududini egallab olganlar. Chu daryosi boʻyidagi Suyob shahri Qarluqlarlar davlati markazi boʻlib qolgan (766—940). Qarluqlarga Jungʻoriya Olatovidan to Sirdaryogacha boʻlgan hudud qaragan. Keyinchalik poytaxt Ili daryosi vodiysidagi Qoʻyliq shahriga koʻchirilgan. 861-yil Q. Koshgʻarni egallashgan. Qarluqlarning ayrim guruhlari 8-asr oʻrtalaridan Zarafshon vohasida, Fargʻona vodiysida, Shim. Afgʻoniston, Tojikiston hududlarida ham yashagan. 10-asrda Qoraxoniylar davlati tarkibiga kirishgan, ilk mulkdorlik munosabatlari shakllana boshlagan. Qarluqlar 960-yil islom dinini qabul qilishgan. K. Shoniyozovning fikricha, qoraxoniylar sulolasi bevosita Qarluqlar davlati bilan uzviy bogʻliq boʻlib, uning tadrijiy davomi hisoblangan. 19-asr oxiri va 20-asr boshlariga kelib Q. Zarafshon daryosining oʻrta va quyi oqimlarida, hoz. Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Shoʻrchi hududlarida yashaganlar. 1924-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston hududida 10 mingdan oshiqroq, Tojikiston hududida 7 mingga yaqin Qarluqlar yashagan. Keyinchalik Qarluqlar oʻz nomlarini unutib, oʻzbek va tojik millatlari tarkibiga singib ketgan.

Ad. Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.

Prev Article

QARIQIZ

Next Article

QARMATLAR