QASHQADARYO

QASHQADARYO (quyi oqimida M a y manoqdaryo) — Qashqadaryo viloyatidagi daryo. Havzasining mayd. 12 ming km2. Daryo Tojikistonning Sugʻd viloyatidagi Hisor tizmasining gʻarbiy tarmogʻi boʻlgan Obixunda togʻlarining shim. yon bagʻridan, Tovtosh dovonidan 1,5 km shim. sharqda, 2960 m balandlikdan boshlanadi. Daryo oʻng irmogʻi Oʻrtabuloqning (Forob qishlogʻi yonida) quyilishigacha Shinchasoy deb ataladi.

Yuqori oqimida baland plato boʻylab chuqur vodiyda oqadi. Daryo vodiysining bosh qismi koʻp joylarda tor. Vodiy yon bagʻirlari koʻpincha tik, bal. 50—120 m. Yargʻak irmogʻi qoʻshilgandan soʻng vodiy bir oz (100—200 m) kengayadi. Shu yerdan daryoda qayir paydo boʻladi (eni 100 m, Dugʻoba qishlogʻi). Chiroqchidan pastroqda Hazratibashir qishlogʻidan boshlab daryo suvi ariq va kanallarga olinadi. Qashqadaryoga sersuv bir qancha irmoqlar: Jinnidaryo, Chiroqchidan 18 km yuqorida Oqsuv, Tanhozdaryo, Gʻuzordaryolar quyiladi. Bu irmoqlar yuqori oqimida chuqur va tor vodiyda oqadigan tipik togʻ daryolaridir.

Qashqadaryoning oʻng sohil tomonidan uncha baland boʻlmagan Qoratepa togʻining jan. yon bagʻridan 20 ga yaqin soy (Shoʻrobsoy, Makridsoy, Oyoqchisoy, Qalqamasoy va boshqalar) oqib tushadi. Togʻlikdan tekislikka chiqqach, daryo vodiysi kengayadi. Shu yerdan daryo suvi butunlay sugʻorishga olinadi. Qarshi choʻliga yetganda daryo tugaydi. Qor, yomgʻir suvlaridan toʻyinadi. Oʻrtacha yillik suv sarfi Varganza qishlogʻi yonida 14,1 m3/sek. dan (koʻp suvli yilda) 1,45 m3/sek. gacha (kam suvli yilda). Chiroqchi qishlogʻi yonida yildagi eng koʻp suv sarfi 781 m3/sek. dan (koʻp suvli yilda) 21,4m3/sek. gacha (kam suvli yilda) boʻladi.

Yillik oqimining 64% mart — iyun, 11,7% iyulsent., 24—27% oktyabr — fev. oylarida oqib oʻtadi. Yillik eng koʻp suv sarfi koʻproq jala yomgʻirlari hisobiga tez oʻzgarib turadi. Shunga koʻra, toʻlinsuv davri (fev. — iyul) sel tusini oladi. Daryo havzasidagi yerlarni suv bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida Chimqoʻrgʻon suv ombori, Zarafshon daryosidan havzaga suv keltirish uchun Eski Anhor va Qarshi magistral kanallari qurilgan.

Yuriy Ivanov.

Next Article

QASHQADARYO