QAYIPBERGENOV

QAYIPBERGENOV Toʻlepbergen (1929.7.5, Qoraqalpogʻiston, Kegeyli tumani) — Oʻzbekiston (1994) va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi (1974). Oʻzbekiston Qahramoni (2003). Xoʻjayli pedagogika bilim yurtini (1947), Qoraqalpogʻiston ped. intining rus tili va adabiyoti f-tini tugatgan (1955). «Amudaryo» jur. (1955—57)da, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasida masʼul kotib (1957—58). Qoraqalpogʻiston teleradiokomitetida katta muharrir, rais oʻrinbosari (1958 — 59), «Jas leninshi» gaz. bosh muharriri (1959—60), «Qoraqalpogʻiston» nashriyoti direktori, «Sovet Qoraqalpogʻistoni» gaz. bosh muharriri (1962 — 72). Qoraqalpogʻiston nashriyot, poligrafiya va kitob savdosi ishlari davlat komiteti boshligʻi (1972-yildan), Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari (1980 yil dan). Dastlabki qissasi — «Sekretar» (1956). «Rahmat, muallim» (1958), «Sovuq tomchi» (1964), «Uyqusiz tunlar» (1965) qissalarining, «Soʻnggi…» (1960), «Qoraqalpoq qizi» (1 — 2-kitoblar, 1963—65), «Qoraqalpoq dostoni» trilogiyasini tashkil etgan «Mamanbiy afsonasi», «Qoraqalpoqnoma» roman-essesi (1978), «U dunyoga bobomga xatlar» (1982) asarlari chop etilgan. «Qoraqalpoqman — tavakkalchiman» (2003) asari, shuningdek, «Familiya» pyesasi, «Berdaq» («Sahro bulbuli»), «Oydoʻst bobo» dramatik asarlari oʻzbek, qozoq, rus va qoraqalpoq tillarida sahnalashtirilgan. Asarlari qoraqalpoq xalqining 17 — 18-asrlardagi tarixi, Orol fojiasi, mintaqadagi ekologik vaziyat, turkiy tilli xalklarning oʻzaro qardoshligi haqida. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi oʻrinbosari (1987—91). 1995-yildan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati jamgʻarmasi raisi. Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Davlat mukofoti (1967), Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti (1971) laureati.

As: Mamanbiy afsonasi [Roman], T., 1974; Baxtsizlar [Roman], T., 1976; Gumroxlar [Roman], T., 1978.

Ad.: Shermuxamedov P., Mir pisatelya, yego knigi, yego narod, Nukus, 1982.

Nasriddin Nazarov.

Prev Article

QAYINDOSHLAR

Next Article

QAYIR