QAYRUVON — Tunisning sharqiy qismidagi shahar, Qayruvon viloyatining maʼmuriy markazi. Aholisi 110,3 ming kishi (1998). Mamlakatning muhim tarixiy, diniy, savdohunarmandchilik va turizm markazi. Transport yoʻllari chorrahasi. Sellyulozaqogʻoz z-di, oziqovqat sanoati korxonalari mavjud. Gʻalla, jun bilan savdo qilinadi. Qayruvon — badiiy hunarmandchilik markazi. Metall, teridan turli buyumlar yasaladi, gilam toʻqiladi.
Shaharga 670-yilda asos solingan. 7-asr oxirlarida Magʻribdagi Umaviylar noiblarining qarorgohi boʻlgan. 800 — 909-yillarda Agʻlabiylar davlati poytaxti, oʻsha davrda shahar ayniqsa rivoj topgan. Fotimiylar tomonidan poytaxt Mahdiya shahriga koʻchirilgach, Qayruvonning mavqei pasayib bordi. Shahar Tunisda islom dinini yoyish markazi boʻlib qoldi. 1057-yilda shahar badaviylar tomonidan vayron qilindi. 13-asrda barbarlarning Xafsiylar sulolasi tomonidan tiklangan. Qayruvonni 1881-yilda fransuz qoʻshinlari bosib olgan. 1956-yildan mustaqil Tunis davlati tarkibida.
Madina qismi ichki hovli va yassi tomli anʼanaviy uylardan iborat. Shahar shinakli qalʼa devori bilan oʻralgan (761, 11-asr oxiri, 13-asr, 18-asr boshlari). Ustunlari koʻp katta xona, ravoklar bilan oʻralgan hovli va minorasi boʻlgan Sidi Oqba masjidi (Katta masjid, 670-yilda asos solingan.
9-asrda qayta qurilgan), «Uch eshikli masjid», islom sanʼati muzeyi bor. Shuningdek, ispanmagʻrib, turk sanʼati anʼanasida qurilgan meʼmoriy obidalar ham saqlangan. Madinadan jan. da zamonaviy jamoat va maʼmuriy binolar qurilgan. Qayruvon atrofida hokimlar qarorgohlari — shaharlar xarobalari: Qasr alQadim, Sabr alMansuriya va h. k. saqlangan. Qayruvon — Magʻrib musulmonlarining ziyoratgohi.