QILICH — chopish yoki sanchish bilan yovga shikast yetkazadigan tigʻli qurol. Birinchi bor qad. turkiy Urxun-Yenisey bitiklarida qayd etiladi. Dastlabki Qilich xanjarsimon boʻlib, uchi oʻtkir, 2 tigʻli qilib yasalgan. Qilich dastasidan ushlaganda qoʻl tigʻ tomonga oʻtib ketmasligi uchun dasta bilan tigʻ ajratib qoʻyilgan. Qilichning qad. turlari suyakdan yasalgan, sirtiga chaqmoqtoshlar qoplangan va u faqat sanchish uchun yaroqli boʻlgan. Keyinchalik jez va temirdan tayyorlangan Qilich ham sanchish, ham chopish uchun xizmat qilgan. 6—7-a. larda Sharq mamlakatlarida bir tomonlama tigʻli egri Qilich yasalgan. Uning uz. 80—90 sm, eni 3—3,5 sm boʻlib, qinda saqlangan. Maʼdanga ishlov berishning rivojlanishi oqibatida Q, sifati ham oshib borgan. Sharq davlatlarida Damashq poʻlatidan ishlangan Qilich, Isfahon Q. i shuhrat qozongan. Hukmdorlar, lashkarboshilar, beklar va bahodirlar uchun yasalgan Qilichlar oltin, kumush va qimmatbaho toshlar bilan ziynatlangan.