QISSAXONLIK — afsona, rivoyat, xalq dostonlari va qissalar aytish va eshitish anʼanasi. Utmishda q. uchun maxsus kecha va yigʻinlar uyushtirilgan. Ularda xalq dostonlarining qayta ishlangan variantlari («Hikoyati Goʻroʻgʻli sulton», «Yusufbek bilan Ahmadbek»), mumtoz adabiyot namunalari asosida tuzilgan hikoyalar («Bahrom va Gulandom», «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin»), tarjimalar («Rustami doston», «Qissai Jamshid», «Vomiq bilan Uzro») oʻqilgan. q. repertuarida «Zarqum», «Muhammad Hanafiya», «Said Battol Gʻozi», «Bobo Ravshan» kabi diniy asarlar ham boʻlgan.
Qissa tuzish va Qissaxonlik 13—14-a. lardan shakllana boshlagan, 16—17-a. larda jadal rivojlangan, 19-a. ning 2-yarmida favqulodda avj olgan. Bu jarayon, dastlab Qozonda, keyinchalik Orenburg, Toshkent, Xiva, Kogon va b. shaharlarda qissalarning koʻplab nashr etilishi bilan ham bogʻliq boʻlgan.
Qissaxonlik, asosan, shahar, shaharga yaqin yirik qishloq va tuman markazlarida keng rivojlangan boʻlib, 20-a. ning 30-y. larigacha davom etgan. Qissaxonlik omma orasida maʼrifat tarqatish vositalaridan biri, adabiyot va sanʼat ixlosmandlarining yigʻinlari sifatida oʻtmishda muhim ahamiyat kasb etgan. Hoz., radio, televideniye, matbuot, teatr, kino va b. madaniy-maʼrifiy vositalarning rivoji, keng tarqalganligi bois q. anʼanasi ijtimoiy va maishiy hayotdan batamom chiqib ketgan.