QORAQUM

QORAQUM — Osiyodagi eng katta qumli choʻl. Oʻrta Osiyoning jan. da. Turkmanistonning asosiy qismini egallaydi. Shim. da Sariqamish botigʻi, shim.sharqda va sharqda Amudaryo vodiysi, jan.-sharqda Qorabel va Bodxiz qirlari, jan. da Kopetdogʻ etaklari, gʻarbda qad. daryo oʻzani Oʻzboʻy bilan chegaradosh. Mayd. 400 ming km2. Q. ning asosiy qismi yosh grabenda joylashgan pasttekislikdan iborat. Oʻrtacha bal. 100 m, jan.-sharqida 200—300 m, shim.-gʻarbida esa 30—50 m. Q. da paleogen davrining oxiri (oligotsen)gacha dengiz rejimi hukm surgan. Dengiz chekingach, allyuvial yotqiziqlar toʻplangan. Qoraqumning shim. qismlari Amudaryo, jan. qismlari Tajan, Murgʻob daryolari va Kopetdogʻdan oqib tushgan qad. daryo yotqiziqlaridan hosil boʻlgan. Qoraqum tabiiy geografik jihatdan uch qismga: Ungʻuzorti Qoraqum (shim. da), Markaziy (Past) Qoraqum va Jan.-Sharqiy Qoraqumga boʻlinadi. Qoraqumning morfoskulptura relyefi juda murakkab. Unda toʻzima barxan qumlari, barxan zanjirlari, pastak kum tepalari, doʻng qumlar, qator tepa qumlari va koʻzanak qumlar kabi eol relyef shakllari keng tarqalgan. Pastqam yerlarda shoʻr, shoʻrxok va taqirlar uchraydi. Qoraqumning 9/10 qismi qumli yerlardan iborat. Qator tepa qumlari Markaziy Qoraqum bilan Ungʻuzorti Qoraqum ida keng tarqalgan. Ular meridianal yoʻnalgan, mustahkamlangan uzun qum tepalaridir. Jan.-sharq va markaziy qismlarida qator tepa qumlarining bal. 3—5 m dan 30 m gacha, ular orasidagi chuqurlik (joʻyak)larning eni 150—200 m. Qad. Amudaryoning miotsen va pliotsen gil-qum yotqiziqlaridan tuzilgan Ungʻuzorti Qoraqum ida qator tepa qumlarining bal. 40—60 m, ular oraligʻi esa oʻrtacha 0,5 km boʻlgan qator shoʻrxok soyliklardan iborat. Ungʻuzorti platosi epigersin plitada joylashgan boʻlib, ustini qalin mezokaynozoy yotqiziqlari qoplagan. Platoning yuzasi nisbatan tekis boʻlib, koʻproq paleogen davrining qumtosh, mergel va gillaridan tashkil topgan. Bular orasida gips va oltingugurt qatlamlari uchraydi. Markaziy (Past) Qoraqum chekka bukilmada joylashgan boʻlib, paleozoy jinslaridan iborat. Amudaryo Markaziy Qoraqumdan (bundan taxm. 20—30 ming yil avval) oqmay qoʻygan. Hazar dengizi (taxm. 15—20 ming yil avval) Markaziy Qoraqumda sathi 50 m mut-laq balandlikdagi keng qoʻltiq hosil qilganda, uning suvi shoʻr edi, chunki Amudaryo Xorazm botigʻi tomon oqqan.

Qoraqumning iqlimi keskin kontinental, quruq subtropikka xos xususiyatlari bor (moʻtadil havo massalari yozda tropik havo massalari bilan almashinib turadi). Shim. da yanvarning oʻrtacha t-rasi —5°, jan. da 3°, iyulniki shim. da 28°, jan. da 34°. Havo trasining sutkalik amplitudasi juda katta (50°gacha, tuproqda 80°gacha). Yillik yogʻin 60 mm dan 150 mm gacha (jan. da koʻproq). Yogʻinning 70% noyabr—apr. da yogʻadi. Vegetatsiya davri 220—275 kun. Yiliga 30—60 kun garmsel esadi. Qoraqumning shim.-sharqiy chegarasidan Amudaryo oqib oʻtadi; Tajan va Murgʻob daryolari qumga singib ketadi. Qoraqum grunt suvlariga boy: Amudaryo yaqinida 3—6 m dan (bu daryo Qoraqum dagi hamma yer osti suvlarining asosiy manbaidir), Qorabel qirlarida 300 m gacha chuqurlikda yotadi. Qoraqumda boʻz qoʻngʻir (asosan, Ungʻuzorti Qoraqumda), choʻl qum tuproqlari, shoʻrxoklar va taqir tuproqlar tarqalgan. Jan. va jan.-sharqiy qismlarida qisman boʻz tuproqlar uchraydi. Bahorda Qoraqumning barxan qumlaridan tashqari hamma hududi efemer va efemeroidlar bilan qoplanadi. Rang (iloq) qoʻylarning asosiy ozuqasi, oq va qora saksovul, butalardan qandim, quyon-suyak, chakanda, astragallar Qoraqumning tro-pik oʻsimliklaridir. Barxan qumlarini mustahkamlashda selin, quyonsuyak va qandim, cherkez katta ahamiyatga ega. Sut emizuvchi hayvonlardan jayran, qarsaq tulki, boʻri, barxan mushugi, dasht mushugi, kemiruvchilar uchraydi. Qushlardan boyqush, toʻrgʻay, choʻl qargʻasi, chumchuqlar yashaydi. Sudraluv-chilardan ilonlar (charx ilon, oʻq ilon, dasht boʻgʻma iloni, koʻzoynakli ilon va b.), kaltakesaklar — aga-ma, gekkon, echkemar (uz. 1,5 m gacha), dasht toshbaqasi xos. Falanga, qoraqurt va chayonlar bor. Choʻlning koʻp qismi qoʻy va tuyalar uchun yil boʻyi yaylov. foydali qazilmalari: oltingugurt, neft, gaz. Q. ning jan. qismidan Qoraqum kanali oʻtgan. q. orqali Oʻrta Osiyo — Markaz gaz quvuri oʻtkazilgan. Qoraqumda ekstensiv chorvachilik mavjud. Daraxtlar oʻtkazish va koʻchma qumlarni mus-tahkamlash hamda yaylov oʻsimliklari fitomelioratsiyasi boʻyicha ishlar amalga oshirilgan. Jan.Sharqiy Qoraqumda Turk-maniston FAning Repetek qumli choʻl i. t. stansiyasi joylashgan.

Ad.: Fedorovich B. A., Lik pustыni, M., 1954; Babayev A. G., Pustыnya Karakumы, Ashxabad, 1963; Turkmenistan, M., 1969; Petrov M. P., Pustыni zemnogo shara, L., 1973; Pustыni Sentralnoy Azii, M. — L., 1966-67.

Murod Mamatqulov.

Prev Article

QORAQULOQ

Next Article

QORAQURTLAR