RAYT

RAYT (Wright) Frank Lloyd (1869.8.6, RichlendSenter sh., Viskonsin shtati — 1959.9.4, Teylizin — Uest sh. Arizona shtatidagi) — amerikalik meʼmor. Chikagodagi meʼmorlar J. Silisbi (1887) va L. Salliven (1888) ustaxonalarida taʼlim olgan. Qurilish materiallari va qurilmalarning manzara bilan uygʻunlashuvidagi shakllarning oʻziga xos mutanosibligini koʻrsatish Rayt ijodining asosini tashkil etdi. Qurilish ishlarida meʼmoriy talablardan, inshoot qurilish shartlari va maqsadlaridan ratsional va maksimal foydalanishni talab etdi. Dastlab kichik turar joylar meʼmorligi bilan shugʻullanib, keyinchalik bino va inshootlar loyihasini yaratgan (Buffalodagi «Larkin» firmasi, 1905; Tokiodagi «Imperial» mehmonxonasi, 1916—22; «Sharshara ustidagi uy», Pensilvaniya shtati, 1936; Nyu-Yorkdagi Guggenxeym muzeyi, 1956—59 va b.). R. loyihalarining Berlinda utkazilgan koʻrgazmasi (1910) Yevropa meʼmorligi rivojiga turtki boʻldi. 30-y. larda Rayt organik arxitektura asoschisi va yetakchi ustasiga aylandi. 20-a. meʼmorligining shakllanishi va rivoj topishida Rayt ijodining taʼsiri katta boʻldi.

As: Buduщyee arxitekturы, M., 1960.

Ad.: Goldshteyn A. F., F. L. Rayt, M, 1973.

Prev Article

RAYONLASHTIRISH

Next Article

RAYHONIY