REABILITATSIYA ( lot. rehabilitatio — tiklash) (tibbiyotda) — organizmning buzilgan funksiyasini va bemorlar hamda nogironlarning mehnat qobiliyatini tiklashga qaratilgan tibbiy, pedagogik va ijtimoiy chora-tadbirlar majmui. Ogʻir kasalliklar (miokard infarqti, insult, orqa miya shikastlanishlari, umurtqa pogʻonasi va boʻgʻimlarning shakli oʻzgarishi bilan kechadigan kasalliklari); markaziy nerv sistemasining jiddiy zararlanishlari, ruhiy kasalliklar va b. ga uchragan bemorlar Reabilitatsiyaga koʻproq muhtoj boʻladilar.
Tibbiy Reabilitatsiya kasallik tufayli funksiyasini yoʻqotgan aʼzo faoliyatini qisman yoki toʻliq tiklash yoki kasallangan sohadagi avj olayotgan jarayonning iloji boricha oldini olishga qaratiladi. Reabilitatsiya boʻlimi bor kasalxonalar, i. t. institutlari, mahalliy kurort va sanatoriylarda Reabilitatsiyani amalga oshirish har bir bemorning umumiy ahvolidan kelib chiqqan holda kasallikning shakli va kechishiga qarab belgilanadi.