SALOR

SALORToshkent viloyatidagi kanal. Qibray tumani hududida Boʻzsuv kanalidan suv oladi. Salorning bosh qismi Salor GES ning quyi chiqarish oʻzanida joylashgan. Toshkent sh. xududidan oʻtadi. Zangiota tumanining jan. dan oʻtib, Yangiyoʻl tumanida tugaydi. Umumiy uz. 60 km. Kanalning kengligi 10 — 15 m, chuq. 1—2 m. Bosh suv olish inshooti 20 m3/sek suv oʻtkazishga moʻljallangan. Kanaldan Dam va Polvon kanallari suv oladi. Toshkent sh. ning bir nechta sanoat korxonalari, jumladan, Toshkent issiqlik elektr markazining suv taʼminoati uchun foydalaniladi. Salor qadimda Boʻzsuvning chap soxilidan, hozirgi Salor GES ning quyirogʻidan qazilgan. Salorga Boʻrjar, Qorasuv oqovalari ham kelib qoʻshilgan. Natijada Salorning suvi birmuncha koʻpayib, undan Kurkuldak va Niyozboshi ariqlari chiqarilgan. S, Kurkuldak va Niyozboshi boʻylarida mil. av. 1ming yillik oʻrtalari va mil. av. 1asrlarda vujudga kelgan qad. dehqonchilik madaniyati yodgorliklari kup uchraydi. Bu davrda Salor va uning shoxobchalari boʻylarida turli istehkomlar (Qovunchitepa, Kuygantepa, Niyozboshtepa va b.) paydo boʻlgan. 4 — 11asrlarda Salor boʻyida Mingoʻrik, Toshkentning qadimiy markazi — Binkat, shuningdek, Danfi ganket, Shuturkent va b. shaharlar vu judga kelgan. 11 — 12-a. larda Salor birmuncha kengaytirilgan, suvi koʻpaygan; lekin 13-a. da moʻgʻullar hujumidan keyin qarovsiz qolgan. Keyinchalik (19-a.) kanal oʻzani yangidan qazilgan.

Soʻnggi yillarda kanal oʻzanining aksariyati taʼmirlanib, ayrim kismlari qayta qurilmoqda. Kanalning Toshkent sh. da Pushkin koʻchasi bilan temir yoʻl bekati koʻprigigacha boʻlgan qismi toʻliq qayta taʼmirlandi, obodonlashtirildi va istirohat bogʻlari tashkil etiddi. Kanalning suv oʻtkazish qobiliyatini oshirish (50 m3/s gacha yetkazish), oʻzanini betonlash ishlari olib borilmoqda. Salor suvi bilan Zangiota va Yangiyoʻl tumanlarida 3,5 ming ga yer sugʻoriladi.

Ziyomiddin Artukmetov, Bahodir Soliyev.

Prev Article

SALONIKI

Next Article

SALOR