SAMOA

SAMOA (Samoa), Samoa Mustaqil davlati (The Independent State of Samoa) — Tinch okeanning jan. gʻarbiy qismida, Polineziyada joylashgan davlat. Samoa arxipelagining gʻarbiy qismi — Savayi, Upolu, Apolima, Manono, Fanuatanu, Namua, Nuutele, Nuulua va Nuusafeye o. larini egallaydi. Mayd. 2,8 ming km2. Aholisi 178,6 ming kishi (2002). Poytaxti — Apia sh. Maʼmuriy jihatdan 14 okrug (district)ra boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Samoa — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiruvchi mustaqil davlat. Amaldagi konstitutsiyasi 1962-y. 1 yanv. da qabul qilingan, unga 1997-y. tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — 1963-y. dan yoʻlboshchi Maliyetoa Tanumafili II, konstitutsiyaga binoan, qabilalarning boshliqlari tomonidan umrbod saylangan, uning vafotidan keyin davlat boshligʻi Qonun chiqaruvchi assambleya tomonidan 5 y. muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Fono (Qonun chiqaruvchi assambleya), ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Tabiati. Orollar vulkan otilishi natijasida vujudga kelgan togʻlik boʻlib, asosan, bazaltdan iborat. Eng baland joyi 1858 m (Savayi o. dagi Silisili togʻi). Qirgʻoklari baland va qoyali. Iklimi subekvatorial va tropik, passatli, sernam iqlim. Oʻrtacha oylik tra 25—27°. Nam tropik oʻrmonlar bilan qoplangan. Yillik yogʻin 2000 — 4000 mm; kuchli boʻronlar boʻlib turadi. Oqar suvlari yoʻq. Samoada 600 ga yaqin oʻsimlik turi boʻlib, ularning 25% endemik. Hayvonot dunyosida sut emizuvchilar kam, qush koʻp.

Aholisining 98% samoalar, qolganlari — Okeaniyaning boshqa orollaridan koʻchib kelganlar va qisman yevropaliklarning avlodlari. Rasmiy tillar — samoa va ingliz tillari. Shahar aholisi 21%. Dindorlarning 80% protestant; katoliklar ham bor.

Tarixi. Samoa hududida qadimdan polineziyaliklar yashab kelgan. 18-a. dan yevropaliklar bu yerga kela boshlagan. 1899-y. S. ni Germaniya, 1914-y. Yangi Zelandiya bosib oldi. 1920y. larda tashkil etilgan «May» vatanparvarlik tashkiloti mustamlakachilarga qarshi kurashga rahbarlik qildi. 1962-y. 1 yanv. dan Samoa mustaqil davlat deb eʼlon qilindi. 1970-y. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlikka qoʻshildi. Mamlakat 1997-y. gacha Gʻarbiy Samoa deb ataldi. Samoa 1976-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami —1 iyunMustaqillik kun i (1962), obhavo sharoiti noqulay boʻlganligi uchun 1 yanv. dan 1-iyunga koʻchirilgan.

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. S. liberal partiyasi, 1994-y. asos solingan; Inson huquklarini himoya qilish partiyasi, 1979-y. tuzilgan; S. milliy taraqqiyot partiyasi, 1985-y. da Xristiandemokratik partiya nomi bilan tashkil etilgan, 1988-y. dan hoz. nomda. Mamlakatda bir qancha tarmoq kasaba uyushmalari faoliyat yuritadi.

Xoʻjaligi. Iqtisodiyotining asosini q. x. (plantatsiya dehqonchiligi) tashkil etadi. Mamlakat hududining 32% ishlanadi, 66% ga yaqini oʻrmon. Eksport uchun banan, kokos palmasi, kakao yetishtiriladi. Mahalliy ehtiyoj uchun batat, yams, makkajoʻxori, sholi, taro, apelsin va ananas ekiladi. Chorvachiligida qoramol, choʻchqa, parranda boqiladi. Baliq ovlash rivojlangan. Oʻrmonda qimmatbaho nav yogʻoch tayyorlanadi. Sanoati qandolatchilik va mebel f-kalari, kiyimkechak, ggoyabzal, kokos yogʻi va sovun i. ch., yogʻochsozlik va kofe tuyish korxonalaridan iborat. Avtomobil ehtiyot qismlari z-di mavjud. Avtomobil yoʻllari uz. salkam 800 km. Apia sh. da dengiz porti va xalqaro aeroport bor. Chetga kopra, kakao, banan chiqaradi, chetdan oziq-ovqat va sanoat mollari, benzin, transport vositalari keltiradi. Asosan, Yangi Zelandiya, AQSH va Avstraliya bilan savdo qiladi. Sayyoxlik rivojlangan. Pul birligi — tala (S. dollari).

Maorifi. Samoada davlat maktablari bilan bir qatorda xususiy va missionerlik oʻquv yurtlari ham bor. 6 y. lik boshlangʻich maktabda darslar ingliz va samoa tillarida, 6 y. lik oʻrta maktabda ingliz tilida olib boriladi. Apia sh. da 2 un-t, qishloq xoʻjalik va. ped. kollejlari, rasadxona, xalq kutubxonasi bor.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. «Savali» (hukumatga qarashli oylik nashr, 1904-y. dan samoa va ingliz tillarida chikadi), «Samoa nyus» («Samoa yangiliklari», ingliz tilida chiqadigan kundalik gaz., 1994-y. dan), «Samoa observer» («Samoa kuzatuvchisi», samoa va ingliz tillarida haftasiga 5-marta chiqadigan gaz., 1979-y. dan), «Samoa uikli» («Samoa haftasi», ingliz tilida chiqadigan haftanoma, 1977-y. dan). Mamlakatda axborot agentligi yoʻq. Samoa radioeshittirish xizmati hukumatga qarashli tijorat mahkamasi boʻlib, 1948-y. tashkil etilgan. Samoa televizion korporatsiyasi hukumat qaramogʻida, 1993-y. tashkil etilgan.

Meʼmorligi. Mahalliy aholi sohil yaqinidagi 400 qishlokda, choʻziqroq doira shaklidagi fale deb ataluvchi anʼanaviy chaylalarda yashaydi. Devorsiz chaylalar yogʻoch qoziqlar ustiga qurilib, tomiga kokos yoki pandanus yaprogʻi yopiladi. Yevropaliklar Apia sh. da istiqomat qiladi. Shahar markazida 1—2 qavatli yevropacha uylar qurilgan, ularning tepasida cherkov qoʻngʻirokxonalari qad koʻtargan. Bu yerda mehmonxonalar, mayda korxonalar, xorijiy kompaniyalarning idoralari, shuningdek, hukumat muassasalari joylashgan.

Prev Article

SAMOA

Next Article

SAMOA