SANKXYA

SANKXYA (sanskritcha, aynan — son, hisoblash) — hind falsafasidagi 6 ortodoksal (vedalarni eʼtirof etuvchi) tizimdan biri. Taxm. mil. av. 7-a. da donishmand Kapila asos solgan. U «Sankxya sutra» asarini yozgan, lekin bizgacha yetib kelmagan. Sankxya 3—4-a. lardan 8—9-a. largacha rivojlangan (klassik Sankxya deb atalgan). Sankxya taʼlimotiga koʻra, olam asosida 2 ibtido — prakriti (materiya) va purusha (ruh) yotadi. Prakriti barcha narsalarning asosini tashkil etuvchi moddiy substansiya boʻlib, u adabiy va bir butundir. Uning boshi ham, oxiri ham yoʻq. U hech kim tomonidan yaratilgan emas. Purusha — ruhiy substansiyadir. U passiv, hech narsani yaratishga qodir emas. Tabiatdagi barcha hodisalar satva (ong), rajas (faollik), tamas (passivlik) deb ataluvchi uchta kuch (guna)ning oʻzaro munosabatiga bogʻliqdir. Sankxya taʼlimoti vaysheshika, nʼyaya, mimansa taʼlimotlariga taʼsir koʻrsatgan.

Prev Article

SANKT-PETERBURG

Next Article

SANKSIYA