SEGREGATSIYA

SEGREGATSIYA (metallurgiyada) — qotishma sovitilganda suyuq faza tarkibining oʻzgarishi va qotish jarayonida shu oʻzgarish tufayli qattiq qotishmada har xil tarkibli joylar paydo boʻlishi. Segregatsiya kristallitlararo, solishtirma ogʻirlik boʻyicha (qavatli) va zonal turlarga boʻlinadi. Kristallitlararo Segregatsiyani mikroskop ostidagina payqash mumkin, solishtirma ogʻirlik boʻyicha Segregatsiyani qotishma quymasining boʻylama kesimidan tayyorlangan mikroshlifda mikroskopsiz ham koʻrsa boʻladi, zonal Segregatsiyani ham mikroskopsiz koʻrish mumkin.

Kristallitlararo Segregatsiyada dastlab ajralib chiqqan qoʻrgʻoshin kristallitlari bilan shu kristallitlar orasida joylashgan evtektik aralashma (suyuq qotishmadan bir vaqtning oʻzida kristallangan ikki yoki undan ortiq xil kristallarning mexanik aralashmasi) birbiridan farq qiladi. Solishtirma ogʻirlik boʻyicha Segregatsiya hosil boʻlishiga ajralib chiqadigan qattiq fazoning solishtirma ogʻirligi b-n qolgan suyuq fazaning solishtirma ogʻirligi orasida farq va qotish vaqtida sekin sovitish sabab boʻladi. Zonal Segregatsiyaga sabab shuki, qolipga quyilgan suyuq qotishma qotayotganda quyma qobigʻidan ichkari tomonga uzunchoq kristallitlar oʻsib chiqib, sirtqi devor hosil qilishi tufayli suyuqlik quyma ichiga toʻplanadi, natijada Segregatsiya yuz beradi. Segregatsiya metallar va qotishmalarda nuqsonlar kelib chiqishiga sabab boʻladi, ularga mexanik ishlov berishni qiyinlashtiradi, ularning strukturasi va xossalarini yomonlashtiradi, Segregatsiyaning oldini olish va bartaraf qilish uchun metall va krtishmalar rafinatsiyalanadi, legirlanadi, qoʻshimchalar qoʻshiladi va b.

Ad.: Toʻraxonov A. S., Metallshunoslik va termik ishlash, T., 1968.

Prev Article

SEGREGATSIYA

Next Article

SEGU