SEPSIS

SEPSIS (yun. sepsis — chirish, irish) (qonga mikroblar kirishi, umumiy yiringli infeksiya, qonga yiring tushishi) — yiringlatuvchi mikroblarning mahalliy infeksiya oʻchogʻidan qon oqimiga, limfa yoʻllariga, ulardan esa bemorning hamma toʻqima va aʼzolariga tarqalishidan kelib chiqadigan umumiy infeksion kasallik. Infeksiya tushgan jarohat va turli sohada joylashgan yiringli kasalliklar (chipqon, xoʻppoz, flegmona va b.) S. manbai boʻlishi mumkin. Kindikning yiringlashi chaqaloklar Siga sabab boʻladi. Bachadon boʻshligʻining yiringlashi natijasida tugʻruqdan keyingi Sepsis paydo boʻladi. Odatda, stafilokokk, streptokokk, kamrok, pnevmokokk, gonokokk, ichak tayokchasi va b. mikroblar Sepsisni qoʻzgʻatadi.

S rivojlanishiga, birinchidan, yiringli jarayonni keltirib chikargan mikroblar virulentligi (kasallik qoʻzgʻatishi)ning yuqoriligi, ikkinchidan, bemorning ozib ketishi, vitamin yetishmasligi va b. kasalliklar oqibatida organizm himoya kuchining pasayib ketishi sabab boʻladi.

Sepsisning eng ogʻir turida mikroblar qonda koʻpayib, uni oʻz zaharli mahsulotlari (toksinlar) bilan zararlaydi, qizil qon hujayralari (eritrotsitlar) ni yemiradi. Sepsisning bu turida gavda t-rasi 39—40° gacha koʻtariladi, bemorning eti uvushadi, bu gʻarqgʻarq terlash bilan almashinib turadi. Baʼzan teri sargʻimtir tusga kirib, unga toshmalar toshadi. Sepsisning birmuncha yengil hollarida mikroblar qonda koʻpaymay, qon oqimi bilan turli aʼzo va toʻqimalarga tarqaladi, natijada ularda koʻp sonli yiringli oʻchoqlgr hosil boʻladi. Bunday hollarda Sepsis uzoqroq kechib, yiring boylagan joy qosil boʻlayotgan paytda ogʻirlashib, madda yorilgandan soʻng yoki operatsiyadan keyin bir qadar yengillashib turadi.

Sepsisga faqat kasalxonada davo qilinadi. Sepsis profilaktikasi har qanday yiringli jarayonda — jarohat yiringlaganda, hasmol, flegmona paydo boʻlganda oʻz vaqtida vrachga murojaat etishdan iborat. Turmushda shikastlanishlarning oldini olish, mayda shikastlarni, ayniqsa, jarohatlarni oʻz vaqtida davolash zarur. Chaqaloqni parvarish qilayotgan ona aseptika qoidalariga qatʼiy amal qilishi kerak (q. Antiseptika Aseptika).

Prev Article

SEPOYA

Next Article

SERAPIS