SODIQOV

SODIQOV ForuqTojiyevich (1946.31.12, Toshkent) — dirijyor. Oʻzbekiston xalq artisti (1999). Toshkent konservatoriyasini xalq cholgʻulari ijrochiligi (1970) va operasimfonik dirijyorligi (1976) ixtisosliklari boʻyicha tugatgan. Mukimiy teatrida sozanda (1966—68), Toshkent konservatoriyasida pedagog (1969—91), T. Jalilov nomidagi Oʻzbekiston davlat akad. xalqcholgʻulari orkestrining badiiy raxbari va bosh dirijyori (1976-y. dan), ayni paytda, Toshkent konservatoriyasi (1985-y. dan) va Madaniyat in-tida dotsent (1997-y. dan), prof. (2000-y. dan). Dirijyor repertuaridan oʻzbek kompozitorlari (M. Ashrafiy, S. Yudakov, M. Leviyev, T. Qurbonov, M. Tojiyev va b.) asarlari, xalq cholgʻulari orkestriga moslashtirilgan jahon (J. Bize, P. Sarasate, M. Glinka, P. Chaykovskiy, A. Borodin va b. ning) hamda oʻzbek mumtoz («Girya», «Chuli Iroq», «Yovvoyi Chorgoh», «Beboqcha» kabi) asarlari urin olgan. Sodiqov rahbarligidagi orkestr ijrolari Oʻzbekiston, Tojikiston va b. mamlakatlar radio fonojamgʻarmalariga, 18 ta grammplastinkaga yozilgan. Sodiqov chet el (Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va b.) orkestrlariga dirijyorlik qilgan. Markaziy Osiyo davlatlari, Koreya, Fransiya va b. mamlakatlarda gastrolda boʻlgan. Sodiqov hayoti va ijodiga bagishlangan «Musiqiy palitra» (1983, «Oʻzbektelefilm» studiyasi) filmi suratga olingan.