SOLIH Ali Abdulloh

SOLIH Ali Abdulloh (1942, Sana viloyatining Bayt al-Ahmar qishlogʻi) — Yaman davlat arbobi. Marshal. 1958-y. dan Yaman Arab Respublikasi qurolli kuchlari safida. Qurolli kuchlar qoshidagi zobitlar oʻquv yurtini tugatgan (1962). Monarxiyani agʻdarib, respublika tuzumini oʻrnatgan 1962-y. sent. inqilobida qatnashgan. Bronetank qoʻshinlari bilim yurtida oʻqigan (1964—66). Tank vzvodi, bronetank polki komandiri (1966—75), harbiy okrug qoʻmondoni (1975—78). 1978-y. dan Yaman Arab Respublikasi prezident kengashi aʼzosi, qurolli kuchlar bosh qoʻmondoni oʻrinbosari. 1978-y. 17-iyuldan Yaman Arab Respublikasi prezidenti, qurolli kuchlar bosh qoʻmondoni. 1990-y. Yaman Arab Respublikasi bilan Yaman Xalq Demokratik Respublikasi birlashgandan keyin Yaman Respublikasi prezidenti.