SOLOVKI OROLLARI

SOLOVKI OROLLARI – Oq dengizdagi bir guruh orollar. Onega qoʻltigʻiga kiraverish joyida (RF Arxangelsk viloyati) . Mayd. 347 km2. Guruh tarkibiga 6 orol kiradi, yiriklari: Solovki, Anzer, Katta va Kichik Muksalma; kichiklari: Katta va Kichik Zayaskiy orollari. Eng baland joyi 107 m (Golgofa togʻi). Granit, gneyslardan tashkil topgan. Relyefi pastbaland tepaliklar. Koʻp qismi aralash oʻrmonlar bilan qoplangan, bir qismi botkrklashgan. Orollarda koʻl koʻp. 15-a. boshida Solovki orollarida monastir barpo qilingan. Monastir 16—20-a. boshlarida surgun joyi boʻlgan. 1923—39 y. larda, asosan, siyosiy mahbuslar uchun qattiq rejimli lager va turma joylashgan. 1991-y. monastir Rus pravoslav cherkoviga qaytarilgan. 16-a. da qurilgan monastir ovqatxonasi (trapeznaya), Preobrajeniye sobori, qalʼa devorlari saqlangan. 1974-y. dan So. davlat tarixiy meʼmoriy va tabiat muzey qoʻriqxonasiga aylantirilgan.