SUBYEKT

SUBYEKT — faol faoliyat koʻrsatuvchi, biluvchi, ong va irodaga ega boʻlgan individ yoki ijtimoiy guruh. «Subyekt» tushunchasini yunon faylasuflari substansiya tushunchasi bilan bir xil maʼnoda tushunishgan. Aristotel asarlarida Subyekt tushunchasi substansiya bilan aynanlashtirib, individual borliq sifatida berilgan. 17-a. dan Subyekt tushunchasini gnoseologik maʼnoda talqin etish boshlandi. Yangi davr materialistlari Subyektni obyektiv va azaliy mavjud boʻlgan tashqi voqelikni passiv aks ettirish, idrok qilish, undan nusxa olish bilangina chegaralangan biluvchi materiya sifatida tushuntirishgan. Ular Subyektning mohiyatida yotuvchi gʻaqiqiy faollikni, yaʼni bilish jarayonida aynan shu faollik voqelikni chuqurroq, kengroq, batafsilroq, mukammalroq bilib olishga imkon yaratishini tushunib yeta olishmadi. Chunki u davrda Subyekt faolligining zamirida uning aniq faoliyati yotishi haqidagi gnoseologik tamoyil yaratilmagan edi. Idealistlar obyektning mavjudligi Subyekt faoliyatining natijasi deb talqin etishdi. Ular Subyektni individ ongi, xudo, goya va b. tarzida tushuntirish asosida uning bilish jarayonidagi faollik rolini izohlashga harakat qilishdi. Hoz. zamon gnoseologik tadqiqotlarida Subyekt obyekt bilan bogʻliqlikda olib qaraladi, ayrim konsepsiyalarda obyektning Sdan mustaqil holda mavjudligi taʼkidlanadi. Ayni paytda Subyekt obyektga faol oʻzgartiruvchi taʼsir qiladi va Subyekt obyektni «. insoniylashtiradi». Bunday Subyekt bilan obyektning oʻzaro aloqadorligi asosida ijtimoiy-tarixiy amaliyot yotadi. Subyekt hisoblangan individ va uning ongi ham tadqiqot obyekti boʻlib kelishi mumkin. Individ Subyekt sifatida jamiyatning bir aʼzosi, tarixiy jarayonning bir vakili sifatida u mansub boʻlgan jamiyat aʼzolariga xos bilimlarga ega va shu nuqtayi nazardan olamga qaraydi. Individ ijtimoiy mavjudot, shu maʼnoda Subyekt ijtimoiy mazmun kasb etadi, yaʼni jamiyat aʼzosi boʻlgan ayrim individ ham, jamiyatning oʻzi ham Subyekt boʻlib kelishi mumkin. Jamiyat uni tadqiq etuvchi tadqiqotchi uchun esa obyektdir, oʻzidan tashqi olam uchun uni oʻrganuvchi Subyekt dir. Inson oʻz ehtiyoj va amaliy hayot talablaridan kelib chiqib, tashqi olamni oʻzgartirish, oʻziga moslashtirish asosida ikkinchi tabiatni yaratdi. Bu holat Subyekt obyektni oʻz xohishiga koʻra oʻzgartirganligining oqibatidir. Bu jarayonda Subyektning oʻzi ham oʻzgarib boradi.

Prev Article

SUBYEKT

Next Article

SUBYEKTIV IDEALIZM