SULFAT KISLOTA — H2SO4 2 asosli kuchli kislota. Oddiy sharoitda hidsiz, rangsiz, ogʻir moysimon suyuqlik; zichligi 1,83 g/sm3(15° da), qotish t-rasi 10,45°, qaynash t-rasi 296,2°. S. k. suvni oʻziga yutib, koʻp mikdorda issiklik chiqaradi. Shu sababli uni suyultirishda kislotaga suv qoʻshish salbiy oqibatlarga olib keladi (kuchli portlash sodir boʻlishi mumkin). Sulfat kislotani suyultirish uchun uni ozozdan suvga qoʻshiladi. Sulfat kislotaning suvdagi eritmalarini sovitish yoʻli bilan uning H2SO4H2O, H2SO42H2O, H2SO44H2O tarkibli gidratlari olingan. Sulfat kislota sulfatlar va gidrosulfatlar hosil qiladi. Konsentrlangan Sulfat kislota kuchli oksidlovchi. Sulfat angidridning Sulfat kislota dagi eritmasi «tutovchi» S. k. yoki oleum nomi bilan yuritiladi. Sulfat kislota oltingugurt, oltingugurt kolchedani FeS2, sulfit angidrid SO2 va b. dan ham hosil qilinadi. Sulfat kislota kimyo sanoatining muhim mahsuloti. Oʻgʻit tayyorlashda, metallurgiyada, neftni tozalashda, boʻyoqchilik sanoatida, sunʼiy tolalar, portlovchi moddalar, xlorid kislota olishda, qoʻrgʻoshinli akkumulyatorlarda elektrolit sifatida va b. da ishlatiladi.
Sulfat kislota ishlab chiqarishdagi zaharli gazlar (SO2 va NO2), shuningdek, SO3 va H2SO4 bugʻlari ancha xavflidir. Shuning uchun qurilmalarni yaxshilab germetiklash va shamollatish kerak. Sulfat kislota terini kuchli kuydiradi, u bilan ishlaganda himoya vositalari (koʻzoynak, rezina qoʻlqop, fartuk, etik)dan foydalanish zarur.