SURNAY (fors, sur — toʻy, bayram va nay; toʻyda chalinadigan nay) — puflamatilchali musiqa cholgʻu asbobi. Oʻzbek, tojik, uygʻur va b. xalqlarda keng tarqalgan professional sozlardan. Asosiy tanasi 400—550 mm uzunlikdagi mevali daraxt (oʻrik, tut, yongʻoq) yogʻochidan, ichki tomoni silindr, baʼzida konus shaklida, karnaychasi kengaytirilgan holda yasaladi. Barmoq bilan bosiladigan 8 ta teshigi bor: 7 tasi yuza (ustki), 1 tasi orka (pastki) tomonida joylashgan. Surnayning tilchasi (naypachoq, dudik) oddiy qamishdan pachoklanib ip bilan qattiq boʻgʻilib, birbiriga qapishtirib yasaladi va (milnil)iga kiygiziladi. Mil cholgʻu tanasiga oʻrnatilgan bachka (fors, bacha — bola soʻzidan; S. ning tanasiga nisbatan boshqacha yogʻochdan ishlangan silindr)ga kiygiziladi. Milga esa ijrochi labiga tiralib, uning nafasini tashqariga chiqishidan muhofazalab turadigan ellips shaklidagi (hayvon shoxi, suyak, sadaf yoki metalldan ishlangan) halqa — sadaf oʻrnatiladi. Surnay diapazoni bir yarim — ikki oktavani tashkil etadi (cisd dan h3c3 gacha va undan yuqori). Surnayning tovushi jarangdor, kuchli va juda oʻtkir. Fargʻona, Andijon, Toshkentda Surnayning menzurasi (ichki teshigi diametri) kengroq boʻlganligi sababli tovushi mayinroq va nolali, Xorazm Si tovushi keskin va chiyildoq. Surnayda tovush hosil qilish murakkab boʻlib, sozandaning uzluksiz nafas olish jarayoniga asoslanadi. Mazkur ijro turi Oʻzbekistonda «qaytarma nafas» (Xorazmda «dam aylantirish») deyiladi. Bunda ijrochi lunjini shishirgan holda zaxira havoni ogʻzida saqlaydi va burundan nafas olayotgan paytida zaxiradagi xavoni chakka mushaklari yordamida surnay naychasiga yoʻllaydi. Natijada Surnayga havo yuborilishida tovush uzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekistonda Surnay ijrochiligida, asosan, 2 (Fargʻona — Toshkent va Xorazm) yoʻnalishi mashhur boʻlib, bir necha mahalliy markazlar mavjud boʻlgan; Andijon (Buloqboshi)dan Hojimat mehtar, Rustam mehtar Yusufalizoda, Ashurali mehtar, O. Rustamov va b., Fargʻonadan Otajon surnaychi, Qoʻqondan Hamroqul surnaychi, Ahmadjon qoʻshnay Umrzoqov va b., Toshkentdan Ubaydullayevlar, Mirzayevlar, Sobirovlar sulolalari va b., Xivadan Sariq mehtar, Bobojon surnaychi, Xudoybergan Qurbon, keyingi paytda Y. Tojiyev, M. Matyoqubov va b. tanilgan. Surnay karnay, nogʻora yoki doira joʻrligida ommaviylashgan maxsus ansamblni tashkil qilib, milliy anʼanaviy tomoshalarda, («Surnay yoryori»), dorboz, qoʻgʻirchoqboz oʻyinlarida («Duchava», «Dor oʻyin», «Ufarlar», Xorazmda «Qum pishigʻi», «Toʻrgʻay», «Zuvoniy», «Rotollo» va b.), turli marosim, yigʻin va sayillarda, raqslarda («Shodiyona», «Katta oʻyin», «Dilxiroj», «Tanavor», «Munojot», Xorazmda «Orazibon», «Norimnorim», «Yelpasalandi» va, ayniqsa, «Surnay lazgisi») keng qoʻllaniladi. Surnay yakkanavoz cholgʻu sifatida ham mashhur. Ijro imkoniyatlarining boyligi va oʻziga xos xususiyatlarga egaligi tufayli unda chalinadigan kuylar alohida ajralib turadi. Shashmakrmdagi Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq maqomlari shoʻbalari asosida yaratilgan surnay yoʻllari «Surnay Buzrugi», «Surnay Navosi», «Surnay Orazi», «Surnay Dugohi» (savt va ufari bilan) gʻoyat sevimlidir. «Mushkiloti Segoh va Ufari», «Surnay Irogʻi» kabi kuylarning koʻpchiligi yirik turkumli asarlardir. Ayniqsa, Navo maqomining S yoʻllari keng tarqalgan boʻlib, asosan, nikoh toʻylarida ijro etiladi. Xorazmda Surnay uchun maxsus S maqomlari mavjud boʻlib, ular Tanbur chizigʻiaa oʻz aksini topgan («Muxammasi Rost», Navo maqomidan «Peshrav zanjiri», «Ufari Navo» va b.), lily yerda, shuningdek, maqom yoʻllari negizida yaratilgan mumtoz kuylari ham mashhur («Nadramaddin», «Birollayim» va b.). S. hozirda anʼanaviy va baʼzi milliy estrada ansambllari, xalq cholgʻu asboblari orkestrlarida ishlatilmoqda. Oʻzbekiston kompozitorlaridan A. Kozlovskiy («Lola» syuitasi), Sayfi Jalil (1simfoniyasi), M. Tojiyev (4 va b. simfoniyalari) va b. S. ning oʻziga xos tembrini simfonik orkestri vositalari yordamida yetuk badiiy mavkeda ifoda etganlar. Surnayga yaqin sozlar Kavkaz (ozarbayjon, arman va b.) xalqlari va turklarda zurna, Xitoyda sona, Hindistonda shexnay deb ataladi.
Botir Matyoqubov.