SHAHRISABZ

SHAHRISABZQashqadaryo viloyatidagi shahar. Shahrisabz tumani maʼmuriy markazi (1926-yildan). Kitob—Shahrisabz vohasida. Katta Oʻzbekiston trakti yoqasida joylashgan. Shahrisabz jan. dan Tanxozdaryo, shim. dan Oqsuv daryosi oqib oʻtadi. Urtacha bal. 658 m. Aholisi 90 ming kishi (2004). Sh. Oʻzbekistondagi qadimiy shaharlardan biri. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, shaharga mil. av. 1 ming yillikning oʻrtalarida asos solingan. Shahrisabz mil. boshlarida va ilk oʻrta asrlarda turli nomlar bilan atalgan (q. Kesh). 13-asrdan Shahrisabz nomi ham urf boʻlgan.

Moʻgʻullar istilosi davrida shahar tarixi yozma manbalarda deyarli yoritilmagan. 1351-yilda zarb etilgan kumush tangalarda «Shahrisabz» nomi uchraydi. Sharafuddin Ali Yazdiy (15-asr) shahar toʻgʻrisida: «Shahrisabz, uni turkiylar Kesh deb ataydilar» deb yozgan. Shahrisabz yaqinidagi Xoja Ilgor qishlogʻi (hoz. Yakkabogʻ tumani hududi)da Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan. Shahrisabz oʻsha davrda «Qubbatulilm valadab» nomi bilan yuritilgan. Xusrav Dehlaviy, Bedil, Mirzo Gʻolib kabi allomalarning otabobolari Shahrisabzda tugʻilgan.

Amir Temur va Temuriylar davrida Shahrisabz ulkan saltanatning yirik shahriga, barlos beklarinint yozgi qarorgohiga aylantirilgan. Oqsaroy va Dor ussiyodat majmuasi qurilgan. Shahar atrofi qalʼa devori bilanoʻrabolingan. Ispaniya elchisi Klavixo oʻz qundaligida Shahrisabzda koʻplab mahobatli binolar va masjidlar borligini va qurilayotganligini taʼkidlaydi. Keyinroq ham koʻplab meʼmoriy obidalar (Dor uttilovat majmuasi, Koʻk gumbaz masjidi va boshqalar) qurildi. Hofizi Abru shaharda koʻhna devor (bandi qadim) boʻlganligi, biroq u 15-asr boshlarida buzilib ketganligini ham yozadi. Oʻsha paytda Shahrisabzning 4 darvozasi: Ark (shim.), Kunchiqar (sharqiy), Kushxona (gʻarbiy), Termiz (jan.) darvozalari boʻlgan.

1556-yilda Shahrisabzni Abdullaxon II egallagan. Keyinchalik Shahrisabz Buxoro xonligining Qarshi viloyati tarkibida boʻlib kelgan. 16-asr oʻrtalarida ham Shahrisabz mustahkam mudofaa devorlari bilan oʻralgan edi.

Mahmud ibn Vali (17-asr) oʻzining «Bahr alasror» («Sirlar dengizi» — «Geografiya») asarida Shahrisabzni quyidagicha taʼriflagan: «Kesh — Movarounnahr shaharlaridan biri, yamyashil bogʻlari va koʻzga quvonch baxsh etuvchi gulzorlari tufayli u hozir Shahrisabz nomi bilan shuhrat topgan. U jahondagi eng chiroyli shaharlardan biri hisoblanadi; iqlimi juda yaxshi va diltortar…».

Ashtarxoniylar davrida Shahrisabz siyosiy mavqeini ancha yoʻqotgyn. Shahrisabzda hokimiyat uchun kurashda avval mangʻitlar, soʻngra qoʻngʻirotlar urugʻi gʻolib chiqib markaziy hokimiyat — Buxoro xonligini tan olmaslikka urinishgan. 18-asr 1-choragida Dashti Qipchoq qozoqlari Zarafshon va Qashkdsaryo vohalariga talonchilik hujumlari uyushtirganda Shahrisabzda bir necha muddat shahar hayoti izdan chiqqan. 1750—52 yillardan Shahrisabz Buxoro amirligi tasarrufiga oʻtdi. 18-asr oʻrtalarida shahar qaytadan qad rostlagan.

Shahrisabz hokimi Bobobek, Kitob begi Joʻrabek, amir Muzaffarning katta oʻgʻli Abdulmalik (Katta toʻra) boshchiligida katta qoʻshin bilan 1868-yilda ruslar bosib olgan Samarqand shahrini qaytarib olish uchun otlanishgan, ammo chekinishga majbur boʻlganlar. 1870 yil avgustda Turkiston gubernatori K. P. Kaufmannit buyrugʻi bilan general Abramov qoʻmondonligidagi maxsus qoʻshin Shahrisabz va Kitobni bosib olgan. Biroq rus qoʻshini qoʻmondonligi Shahrisabz va Kitobni Buxoro amiri tayinlagan beklarga topshirib, Samarqandga qaytishgan. Shahrisabz 1920-yilgacha Buxoro xonligi tarkibida boʻlgan.

Shahrisabz aholisining asosiy qismi savdosotiq va hunarmandchilik bilan shugʻullangan. 18 — 19-asrlarda Shahrisabzda 6 darvoza, 7 karvonsaroy va 6 ta madrasa, bir nechta bozor, shahar tashqarisida Namozgoh masjidi bor edi.

20-asr oʻrtalarida Shahrisabzda «Hujum», badiiy buyumlar, tikuvchilik, keyinroq pillakashlik fkalari ishlay boshladi. 1930—40 ylarda Shahrisabz dagi tarixiy yodgorliklarning ahvoli achinarli holda boʻlgan, ulardan omborxona, turar joy va boshqalar maqsadlarda foydalanilgan. Shahrisabz va uning tarixiy madaniy merosi ataylab keng doirada targʻib qilinmagan.

Mustaqillik yillarida Shahrisabz qiyofasi tubdan oʻzgardi. Shahar markazi qayta qurildi. 1996-yilda shahar mayd. 2460 gektarga kengaygan.

Shahrisabz dagi eng katta maydon — Amir Temur maydoni. Shahar markazidan eng katta Ipak yoʻli koʻchasi oʻtadi. 11 ta yirik sanoat korxonasi (shu jumladan, «Hujum» badiiy buyumlar f-kasi, «Sado» trikotaj f-kasi, «Konserva» va «Sharob» aksiyadorlik jamiyatlari, toʻqimachilik, pillachilik fkalari va boshqalar), 8 qoʻshma korxona (shu jumladan, Oʻzbekiston—Buyuk Britaniya «Mevalar kamalagi»; Oʻzbekiston—AQSH «Shahinterneshnl»; Oʻzbekiston—Rossiya «Kompasqoqsuv»; Oʻzbekiston—Turkiya «Shahri Kesh»; Oʻzbekiston—Turkiya — Yaponiya «Oqsaroy toʻqimachi LTD» va boshqalar), kichik, oʻrta biznes subyektlari faoliyat koʻrsatadi. Savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari mavjud. Buxoro oziqovqat va yengil sanoat texnologiyasi intining umumtexnika fti, kasb-hunar kolleji va akademik litseylar ishlab turibdi. 10 ta jamoat kutubxonasi, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bogʻi, teatr, tarix va moddiy madaniyat muzeyi, 3 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 2 ta bolalar sport maktabi bor. 3 ta tennis korti, 3 ta suzish havzasi, stadion, 18 ta sport zali mavjud. Markaziy kasalxona (1050 oʻrin), yangi jarrohlik markazi aholiga xizmat koʻrsatadi. T. y. vokzali, avtovokzal, aeroport ishlab turibdi. «Keshg va «Shahrisabz» mehmonxonalari bor. Shahrisabzda Amir Temurning ulugʻvor haykali (haykaltaroshlar: Ilhom va Kamol Jabborovlar, meʼmor Botir Usmonov) oʻrnatilgan (1996).

Shahrisabz zaminida bir qancha olim va ulamolar, shoirlar voyaga yetgan, jumladan, Abu Muhammad Keshiy (964-yilv. e.), Abu Jaʼfar Keshiy (951-yilv. e.), Abul Fazoil Keshiy (12-asr), Shamsuddin Kulol (Amir Temurning piri) va boshqalar Shahrisabzda 20 ga yaqin tarixiy meʼmoriy yodgorlik saqlanib qolgan. Temuriylar davrida qurilgan Oqsaroy qasrining peshtoq devori, Dor usSiyodat va Dor utTilovat majmualari, Koʻk Gumbaz masjidi, Gumbazi Sayidon, Shamsuddin Kulol maqbarasi, Jahongir maqbarasi, Hazrati Imom masjidi, shuningdek, Chorsu bozori (16-asr), Chubin madrasasi (16-asr), Abdushukur Ogʻaliq (19-asr), Eshonpir (19-asr), Kunduzak masjidlari kabi meʼmoriy obidalar saqlanib qolgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2002-yil 29-martda Shahrisabzning 2700-yillik yubileyini nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ushbu yubiley butun mamlakatimizda va Shahrisabzda keng nishonlandi. Bu tantanalarda YUNESKO vakillari ham qatnashdi. Sh. Jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan (2002-yil dek.). Shaharda koʻplab anjumanlar va konferensiyalar oʻtkaziladi.

Shahrisabz ahlining Temuriylar davri ulkan madaniy va maʼnaviy merosi, noyob tarixiy yodgorliklarini asrabavaylash, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari qilib tarbiyalash va ularni ozod mamlakatimiz buyuk istiqbolini yaratishga qodir kishilar qilib voyaga yetkazish ishiga qoʻshgan alohida xizmatlari eʼtiborga olinib hamda sohibqiron Amir Temur tavalludining 660-yilligi munosabati Shahrisabz «Amir Temur ordeni» bilan mukofotlandi (1996-yil oktyabr).

Ad.: Shahrisabz — ming yillar merosi, T., 2002; Shahrisabz shahrining jahon tarixida tutgan oʻrni, T., 2002; Qadimiy Kesh — Shahrisabz tarixidan lavhalar, T., 1998; Yaqubov B., Shahrisabz va Kitob tarixidan, Qarshi, 1996; Nosir Muhammad, Nasaf va Kesh allomalari, T., 2001.

Qahramon Rajabov.