TAN

TAN, Tang — oʻrta asrlarda Xitoyda mavjud boʻlgan markazlashgan davlat va sulola (618—907). «Tan» atamasi — magʻrurlanish, tasodif maʼnosini anglatadi. Asoschisi — Li Yuan (566 — 635) boʻlib, Gaozu nomi bilan taxtni boshqargan (618—626). Tan davlatining tashkil topishi 610-y. Xitoyda Suy sulolasiga qarshi boshlangan xalq qoʻzgʻoloni bilan bevosita bogʻliq. Yirik amaldorlar fursatdan foydalanib taxtni egallashga intilgan. Ulardan Shansi oʻlkasining rahbari Li Yuan turkiy qavmlar bilan yaqin boʻlgani uchun katta salohiyat va imkoniyatga ega boʻlgan. U 3 nafar oʻgʻillari bilan turkiy qavmlar yordamida Suy sulolasini himoya qilish bahonasida poytaxt Chanʼan (hoz. Sian)ga kirib olgan va oʻzini imperator deb eʼlon qilib, oʻz hokimiyatini Tan deb atagan. 630-y. dan Tan faol tashki siyosat yurgiza boshlagan va dastavval Buyuk ipak yoʻlini qoʻlga kiritishga xarakat qilgan. 640-y. Turfon (Gavchan) davlatiga hujum qilib uni yoʻq qilgan, soʻnfa Sharkiy Turk xoqonligi, Uygʻur xonligi va Gʻarbiy turk xoqonligi kabi davlatlar bilan urush olib borgan. Bu urush jarayonida Tan ular oʻrtasidagi ziddiyatlardan toʻla foydalanish va biri bilan doʻstlashib, ikkinchisini yoʻqotish, ularni ichidan zaiflashtirib, soʻnggi (pirovard) gʻalabani qoʻlga kiritish amaliyotini qoʻllagan. 645—668-y. larda T. Koreyani tobe etgan, soʻng Manjuriyadagi moxe va kidon qabilalari hokimiyatini tugatgan. 747-y. T. armiyasi hoz. Qirgʻizistonning Toʻqmoq (Suyob, Suyyo) viloyatiga, 748-y. Pomirdagi Kichik Bolurga (Syao Boli), 750-y. Shosh (Toshkent) ga qujum qilgan, Shosh hukmdori oʻldirilgan, uning oʻgʻli arablardan madad soʻrashga majbur boʻlgan. 751-y. dagi Talas jangida Tan armiyasi tormor keltirilgan. Shundan soʻng Tan imperiyasining Markaziy Osiyodagi faoliyatiga chek qoʻyilgan. Mamlakatda ijtimoiyiqtisodiy ahvol yomonlashgan; ketma-ket xalq qoʻzgʻolonlari sodir boʻlishi ichki siyosiy tanazzulni kuchayishiga va Tan imperiyasini 15 ta mayda hokimliklarga boʻlinib ketishiga olib kelgan. Abdulahad Xoʻjayev.

Prev Article

TAMGʻALIDARA RASMLARI

Next Article

TAN JAZOSI