TIL

TILodam va umurtqali hayvonlar ogʻiz boʻshligʻidagi muskulli organ. Baliqlarda Til shilliq parda burmasidan iborat boʻlib, visseral skelet bilan harakatlanadi. Quruqlikda yashovchi umurtqalilarda Til harakatchan, u ovqatni tutadi, ogʻiz boʻshligʻiga suradi, nafas yoʻlini berkitadi va h. k. T. da koʻpgina bezlar va taʼm bilish retseptorlari rivojlangan. Suvda va quruqlikda yashovchilarda esa shilliq parda burmasidan tashqari, Til tarkibiga kiradigan bezlar ham bor. Sudralib yuruvchilar T. ining shakli va harakatlanishi turlicha (mas., toshbaqa va timsohlar T. i kam harakatlanadi; koʻpchilik kaltakesak va ilonlar T. i uzun va harakatchan). Qushlar T. ining shakli har xil, odatda, shox qatlami juda rivojlangan, kam harakat. Sut emizuvchilar T. i yaxshi taraqqiy etgan, harakatchan, bezlari hamda soʻrgʻichlari koʻp va ovqatni chaynash, yutish, taʼm bilish, baʼzan ovoz chiqarishda ham ishtirok etadi.

Odam tili — shilliq parda bilan qoplangan muskuldan iborat. Ovqatni chaynash, yutish va gagshrishda qatnashadi. Til 3 qism: tor qismi — til uchi, birmuncha keng va qalinroq qismi — til negizi (ildizi), bu 2 qism oʻrtasi — til tanasiga boʻlinadi. Tilning ogʻiz boʻshligʻi bilan halqumga tomon qismi oʻrtasida koʻr teshik, undan til uchiga tomon yoʻnalgan til yuzasini ikkiga ajratib turuvchi oʻrta egat bor. Tilning pastki yuzasi shilliq qavati ancha nozik boʻlib, unda 2 ta simmetrik burmalar, ustki yuzasi, yaʼni orqasida har xil soʻrgʻichlar bor. Soʻrgʻichlar koʻr teshikdan 2 yonga yoʻnalgan chegaralovchi chiziqdan oldinda va Tilning yon tomonlarida joylashgan. Jumladan, ipsimon soʻrgʻichlar Til oldingi uchining 2 qismida boʻlib, ovqatni kabul qilish, chaynash, halqumga yoʻnaltirishga xizmat qiladi. Ipsimon soʻrgʻichlar orasida konik soʻrgʻichlar, har ikkala soʻrgʻichda, asosan, ogʻriqni, issiqsovuqni sezuvchi retseptorlar bor. Til uchi va yonlarida zamburugʻsimon soʻrgʻichlar, koʻr teshikning ikki yonida, chegaralovchi chiziqning old tomonida tarnovsimon soʻrgʻichlar, Til chekkalarida bir-biriga yondosh bargsimon soʻrgʻichlar mavjud. Bu soʻrgʻichlar taʼm bilish vazifasini bajaradi. Til shilliq pardasi qavatida til murtagini hosil qiladigan koʻplab limfoid follikulalar, shilliq parda osti va muskullar orasida mayda (shilliqli, serozli va aralash) soʻlak bezlari joylashgan.

Tilning asosiy qismini chin va skelet muskullari tashkil etadi. Chin muskullar uzunasiga, koʻndalang va vertikal yoʻnalishda. Tilni suyaklarga biriktiradigan skelet muskullari esa juft engaktil, engaktil osti va bigizsimon oʻsiq muskullaridan iborat boʻlib, Tilning oson harakat qilishiga yordam beradi. Til arteriyasi shoxchalari Tilni qon bilan taʼminlaydi. Tilni til nervi, tilhalqum nervi hamda til osti nervi innervatsiya qiladi. Engak osti, qisman jagʻ osti va chuqur boʻyin limfa tugunlari T. ning regionar limfa tugunlaridir.