TOL (frans. tole — temir list) — tom yopish va izolyatsiya uchun ishlatiladigan gidroizolyatsiya materiali. Kartonga qora moy shimdirish yoʻli bilan tayyorlanadi. Tolning bir tomoniga mineral mahsulot, ikkinchi (tashqi) tomoniga yirik qum sepib ishlov beriladi. Tolning pastki tomoni qiyin eriydigan mum va baʼzan mayda qum bilan qoplanadi. Tolning kumsiz xillari ham boʻladi. Tolning bitumli yopmalarga qaraganda chidamliligi kam, asosan, inshootlarni vaqtincha yopishda, qurilish konstruksiyalarini suv va bugʻdan izolyatsiyalashda ishlatiladi. Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan Tolning eni 750, 1000 va 1025 mm, oʻrama (rulon) tarzida tayyorlanadi.