VATANPARVARLIK — kishilarning ona yurtiga, oʻz oshyoniga muhabbati va sadoqatini ifodalaydigan tushuncha. V. barcha kishilar, xalq, millatlar uchun umumiy boʻlgan, asrlar davomida sayqallanib kelgan umuminsoniy tuygʻu, maʼnaviy qadriyatlardan biri. Tarixiy jihatdan Vatanparvarlik kishilarning oʻz vatanlari taqdiri bilan bogʻliq ijtimoiy rivojlanish, xalqlarning oʻzlari yashayotgan hududning daxlsizligi va mustaqilligi yoʻlidagi kurashi jarayonida takomillashib kelgan his-tuygʻular jamlanmasi hamdir. Bu vatanning oʻtmishi va hoziri b-n faxrlanishda, uning manfaatlarini himoya qilishda namoyon boʻladi.