VEDA DINI — mil. av. 1-ming yillikda Hindistonda vujudga kelgan din. Vedalar orqali maʼlum. Hinduizm dini shakllanishining dastlabki bosqichi. Veda dinida dastlab tabiat kuchlari va hodisalari antropomorfik (inson qiyofasiga oʻxshatib) tasavvur etilgan. Veda dinida yaxshi va yomon xudolar, ruxlar haqidagi tasavvurlar asosiy oʻrin egalladi. Unda politeizm (koʻpxudolik) hukmron boʻlgan. Veda dinida sigʻinish marosimlari asosan xudolarga qurbonlik qilish, ovqat, hayvonlar keltirish va turli urf-odatlarni bajarishdan iborat boʻlgan. Keyinchalik kohinlarning alohida qatlami — brahmanlar ajralib chiqib, diniy marosimlar tizimi murakkablashdi. Veda dinining keyingi evolyutsiyasi natijasida brahmanizm vujudga keldi.