XAZARLAR

XAZARLAR — turkiy xalq. Gunnlar bosqinidan soʻng (4-a.) Sharqiy Yevropada paydo boʻlgan va Gʻarbiy Kaspiy boʻyi dashtida, Shim. Dogʻistondagi Sulak daryosi bilan Kuyi Volga oraligʻida koʻchmanchi hayot tarzi kechirgan. Savirlar bilan birgalikda X. Eron va Vizantiyaning Zakavkazyedagi mulklariga hujum qilgan. X. bunda oʻzaro raqobatda boʻlgan goh Eron, goh Vizantiya tomonida turib urushga kirgan. 6-a. ning 60-y. larida X. Turk xoqonligita tobe boʻlishgan. 7-a. oʻrtasida, Gʻarbiy Turk xoqonligi parchalangach, uning davomi sifatida Xazar xoqonligi barpo etilgan. Uzoq vaqt X. ning asosiy mashgʻuloti koʻchmanchi chorvadorlik boʻlib qolgan. 8-a. da Xazarlarda urugʻchilik munosabatlari yemirilib, ilk mulkchilik munosabatlari shakllangan. Aholining bir qismi oʻtroq hayotga oʻtib, dehqonchilik va bogʻdorchilik bilan (avval Shim. Dogʻistoida, soʻngra Volga boʻyida) shugʻullangan. 10-a. da Xazar xoqonligi barxam topgach, X. Dashti Qipchoqdagi turkiy bijanaklarga singib ketgan.

Prev Article

XAZAR TILI

Next Article

XAZINA