YOMGʻIR — bulutlardan diametri 0,5 mm dan 6—7 mm gacha boʻlgan suv tomchilari holida yogʻadigan yogʻin. Qoplama bulutli Yomgʻir hamda jala Yo. ga boʻlinadi (q. Atmosfera yogʻinlari, Jala). Oʻrta Osiyoning tekislik va togʻ oldi hududlarida Yomgʻir yil davomida kuzatiladi; yomgʻirli kunlar soni qorli kunlar soniga karaganda 2—3-marta ortiq. Yomgʻir mart—apr. oylarida eng koʻp, iyul—avg. da esa eng kam yogʻadi. Oʻrta Osiyoda Yomgʻir li kunlar soni oʻrta hisobda bir yilda 30—40 kunni tashkil qiladi. Joyning balandlik ortib borishi bilan (toqqa yaqinlashgan sari) Yo. li kunlar soni 50—60 kunga yetadi. Choʻl hududlarida, Fargʻona vodiysi (soyligi)ning gʻarbiy va markaziy qismida yillik Yomgʻir miqdori eng kam. Mas, Orol dengizining jan. dagi baʼzi joylarda oʻrtacha yillik yogʻin miqdori 80—90 mm. Nam havo oqimi yoʻnalishiga qulay joylashgan togʻ oldi va vodiylar (2000 m bal. gacha bulgan zona)da, ayniqsa, jan. gʻarbga qaragan vodiylarda Yomgʻir katta jadallik b-n yogʻadi. Apr. va may oylarida moʻtadil yogʻib turadigan bulutli Yomgʻir tuprokda nam zaxirasining koʻpayishiga yordam beradi, ekinlarning yalpi koʻkarishiga qulay sharoit tugʻdiradi. Tuproq va havo trasi pasaygan sharoitlarda qoplama bulutli Yomgʻir unib chiqqan ayrim ekinlar, mas, gʻoʻzada iyadiz chirishi, gommoz kasalliklarining avj olishiga sabab boʻladi. Qisqa muddatli momaqaldiroq bilan apr. — may oylarida yogʻadigan Yomgʻirlar (sutkalik yogʻin miqdori 10 mm dan ortiq) tuproq yuza qatlamini tigʻizlab, qatqaloq hosil qiladi. Hamidulla Abdullayev.