«ZARIADR VA ODATIDA» — Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan epik asar. «3. va O.»da tasvirlanishicha, Midiya shohi Gushtasp (Vishtasp)ning ukasi Zariadr, skiflar shohi Omargning qizi Odatida birbirini tushida koʻrib, sevib qoladilar. Zariadr sovchi yuboradi, ammo Omarg yolgʻiz qizini begona yurtga uzatishni istamay, uning taklifini rad etadi. Bir kuni Omarg ziyofat uyushtiradi, qiziga shu yerga tashrif buyurganlardan munosibini kuyovlikka tanlashni va buning ramzi sifatida kuyovga may toʻla tilla qadah tutishni taklif etadi. Qiz yigʻilganlar orasidan Zariadrni qidiradi, chunki unga xabar berib ulgurgan edi. Ziyefatga skif kiyimida Zariadr yetib kelib, oʻzini qizga tanitadi. Odatida qoʻlidagi qadahni unga tutadi. Zariadr qizni otasi Omarg ham bilmaydigan joyga olib ketadi.
Asarda sevgi va erk masalasi bosh mavzu boʻlib, oila qurishda yigit va qiz muhabbati inobatga olinishi lozimligi taʼkidlangan. Odatidaning oʻz sevgisiga sadoqati, qatʼiy irodasi va Zariadrning vafodorligi, mardligi oʻrtadagi tusiklarni yengishga, maqsadlariga erishuviga olib kelgan. Qissa rassomlar diqqatini ham jalb etgan. Qadimda ibodatxona, saroy va ayrim xonadonlarning devoriy rasmlari shu mavzuda boʻlgan. Qissaning mazmuni antik davr muallifi Ateney (mil. 2—3a.)ning «Sofistlar tushligi» kitobida keltirilgan Xares Mitilenskiy (mil. av. 4a.)ning hikoyasi orqali bizgacha yetib kelgan. «3. va O.» syujeti va mazmuni turkiylarning keyingi asrlarda yaratilgan «Oʻgʻuznoma», «Alpomish» va b. xalq ogʻzaki poetik ijodi namunalarida, shuningdek, Firdavsiyning «Shohnoma» asarlarida ham oʻz ifodasini topgan.
Ad.: Mallayev N., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 1kitob, 2nashr. T., 1965.